O‘zbekiston | 07:52 / 16.12.2016
26031
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: Dehqon boy bo‘lsa – davlat boy bo‘ladi

Avval xabar berganimizdek, 2016 yil 15 dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloqlarda zamonaviy uylar barpo etish, aholi bandligini ta'minlash borasida, ijtimoiy sohalarda muayyan natijalarga erishilayotganini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlab bergan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ulkan xizmatlari haqida alohida to‘xtaldi. 

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 106,9 foizni, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 106,8 foiz, xizmat ko‘rsatish hajmi 116,3 foizni tashkil qildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 6,4 foizga o‘sishi ta'minlandi. 

Viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etish bilan birga, galdagi vazifalar, yechimini kutayotgan muammolar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. 

Qishloq xo‘jaligini bosqichma-bosqich isloh qilish, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarini optimallashtirish asosida yiriklashtirish, ularning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilash lozim. Pirovardida qishloq aholisining daromadi va turmush darajasini oshirish, qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy infratuzilmalarni yanada rivojlantirish imkoniyati kengayadi. Bu borada Toshkent viloyatida barcha imkoniyatlar mavjud, dedi davlatimiz rahbari. 

Poytaxt viloyati yerining unumdorligi, hosildorligi bilan respublikamizning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Bu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun yerni haqiqiy dehqonga, fermer bo‘laman, deb ko‘zi yonib turgan mirishkorlarga berish kerak. Dehqon boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 9 sentabrdagi «2016 − 2018 yillarda Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarori poytaxt viloyatini har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. 

 

Mavzuga oid