Jamiyat | 19:45 / 22.12.2016
42768
2 daqiqa o‘qiladi

Stalinning nabirasi vafot etdi

Moskvada XX asrning eng mashhur siyosiy arboblaridan biri Iosif Stalinning 80 yoshli nabirasi Yevgeniy Jugashvili vafot etdi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi. 

"U vafot etdi", deb ma'lum qilindi tez yordam ma'lumot berish xizmatida.

Yevgeniy Jugashvili Stalinning o‘g‘li Yakov Stalinning o‘g‘li bo‘lgan. Uning otasi Ikkinchi jahon urushi vaqtida fashistlar qo‘liga asirga tushgach, ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortib o‘z joniga qasd qilgan. Tashqi ko‘rinishi Stalinnikiga o‘xshash bo‘lgan Yevgeniy hattoki "Yakov – Stalin o‘g‘li" filmida bobosi rolini ijro etgan.

TASS

Yevgeniy Jugashvilining kasbi muhandis bo‘lgan, sovet vaqtida bir nechta zavodlarda harbiy vakil bo‘lgan, sovet davridan keyin esa Rossiya va Gruziyada jamoatchilik va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullangan.

Jugashvili o‘z bobosining nomini himoya qilish bo‘yicha sud jarayonlari o‘tkazish bilan tanilgan. U, jumladan, Katinda sovet jazolash otryadlari tomonidan polshalik harbiylarning otib tashlanishini shubha ostiga qo‘ygan. U Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga murojaatida bu ayblovni "jirkanch bo‘hton" deb atagan. XX asrning 90-yillarida radikal kommunist Viktor Ampilov bilan Rossiya Davlat dumasiga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan.

Avvalroq Strasburg sudi Yevgeniy Jugashvilining Katinda polshalik harbiylarning otilishi bo‘yicha OAVdagi maqolalar yuzasidan Rossiyaga qarshi shikoyatini nomaqbul deb topgan.

Katindagi fojia Iosif Stalin buyrug‘i bilan amalga oshirilgani aytib kelinadi.

 

Mavzuga oid