Jahon | 19:02 / 01.08.2023
24314
14 daqiqa o‘qiladi

Sovet tuzumining eng qonli davri: «Katta terror»da qancha odam otib tashlangandi?

Bundan 86 yil avval, 1937 yil 30 iyul kuni SSSRda ommaviy hibsga olishlar boshlanib ketadi. Tarixda «Katta terror» nomi bilan atalgan bu ish doirasida qisqa kunlar ichida mamlakat bo‘ylab millionlab odam hibsga olinadi. Ularning qariyb yarmi otib tashlandi, qolganlari uzoq muddatlarga qamaldi.

Foto: KUN.UZ

Bugun «covet ittifoqi» deyilganda ko‘pchilik yovuz bir saltanatni eslaydi. Chunki bu davlat ikkinchi jahon urushida 20 milliondan oshiq qurbon bergani yetmaganday, yovuz boshqaruv tufayli o‘zining 20 milliondan ortiq aholisini qatag‘on qilgan.

Qatag‘onlarning asosiy qismi mamlakatni 31 yil boshqargan Iosif Stalin davrida sodir etilgan. Agar tarixga nazar tashlansa, o‘sha qatag‘onlar tasodifan bo‘lmagan, yovuz tuzum unga ancha avvaldan tayyorgarlik ko‘rgandi. Stalin SSSRni qamoqxonalar mamlakatiga aylantirishni 1920-yillarning ikkinchi yarmida boshlagan edi.

Stalin davridagi eng yirik qatag‘on 1937 yil 31 iyuldan 1938 yil noyabr oyigacha o‘tkazilgan va shu davrda qariyb 2 mln odam hibsga olingan. Ularning qariyb yarmi o‘lim jazosiga hukm qilingan. Qolganlari uzoq yillarga qamalib, GULag qamoqxona lagerlarida o‘lib ketgan. Tarixda sovetlarning bu qatag‘oni «Katta terror» deb nomlanadi.

«Katta terror»ning asoschisi va ijrochisi bo‘lgan Nikolay Yejov Stalin bilan birga

Qatag‘on haqidagi qaror va «Troyka»

1937 yil 30 iyul kuni SSSR Ichki ishlar xalq komissari Nikolay Yejov (NKVD rahbari) «Sobiq quloq qilinganlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi haqida»gi № 00447-sonli buyruqni imzolaydi.

O‘sha kunning o‘zida buyruqni SSSR Kompartiyasi markaziy qo‘mitasi tasdiqlab beradi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab barcha ittifoqdosh respublikalarda, oblastlarda va rayonlarda ichki ishlar xalq komissari, prokuror va partiya markaziy qo‘mitasining birinchi kotibidan iborat «maxsus uchlik» (Troyka)lar tuzila boshlanadi.

«Troyka»larning asosiy ishi hibsga olinadigan odamlarning ro‘yxatini shakllantirish, ularga sudsiz hukm o‘qish bo‘lgan. Moskvada NKVD qoshida tashkil etilgan «Troyka»ni esa faqat Yejovning o‘zi boshqargan.

O‘zbekistonda birinchi «Troyka» tarkibi respublika prokurori Boris Sheydlin, ichki ishlar xalq komissari Nikolay Zagvozdin va O‘zbekiston SSR kompartiyasi markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Akmal Ikromovdan iborat bo‘lgan.

O‘zbekistondagi dastlabki qatag‘onlar yuqoridagi uch shaxs tasdiqlab bergan ro‘yxat asosida boshlangan. Hibsga olinganlarga chiqarilgan qamoq yoki o‘lim jazosi berilishi haqidagi hukmlarning aksariyati ham ular tomonidan imzolangan.

1938 yilda «Troyka» tarkibi o‘zgaradi. Nikolay Zagvozdin hibsga olinib otib tashlangach uning o‘rnini yangi ichki ishlar xalq komissari Derenik Apresyan egallaydi. Biroq u ham bir necha oydan so‘ng hibsga olinadi va «Troyka»ning hukmi bilan o‘lim jazosi beriladi.

Shuningdek, Akmal Ikromov ham «Katta terror» boshlangandan so‘ng biroz o‘tib 1937 yil sentabrda hibsga olinadi va otib tashlanadi. «Troyka»da uning o‘rnini Usmon Yusupov egallaydi.

Bu orada O‘zbekistondagi «Troyka»da juda qisqa muddat respublika kompartiyasi markaziy qo‘mitasi ikkinchi kotibi Sodiqjon Boltaboyev ham ishlaydi. U ham 1937 yilda qamoqqa olinib, 1938 yilda otib tashlanadi.

Usmon Yusupov va Lazar Kaganovich (SSSR siyosiy byurosi a’zosi, Markaziy Osiyoni asosan shu odam nazorat qilgan)

Hibsga olishlar va «Katta terror»

«Troyka»lar tuzilgandan so‘ng 1937 yil iyul oyidan boshlab SSSR bo‘ylab ommaviy tarzda hibsga olishlar boshlanib ketadi. Birinchi navbatda «o‘tmishi shubhali» topilgan shaxslar qamoqqa olinadi.

Keyin Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng bolsheviklar partiyasiga qarshi chiqqanlar, Chor Rossiyasining sobiq harbiylari, davlat Dumasining sobiq deputatlari, adiblar, musiqachilar, rassomlar, ruhoniylar qamaladi.

Hibsga olinganlar orasida turli olimlar, jumladan taniqli vrachlar, astronomlar, biologlar, sharqshunoslar, geologlar, tarixchilar, muhandislar, arxitektorlar, konstruktorlar va boshqa sohada ko‘zga ko‘ringan taniqli olimlar bor edi.

Shuningdek, qatag‘ondan harbiylar ham chetda qolmaydi va ko‘plab yuqori lavozimli zobitlar hibsga olinadi. Ular orasida oktyabr to‘ntarishidan keyin bolsheviklar hukumatini mustahkamlash uchun jang qilgan mashhur qo‘mondonlar, marshal Semyon Budyonniy, marshal Mixail Tuxachevskiy, marshal Blyuxer ham bo‘lgan.

«Katta terror» 1937 yil iyul oyida boshlanadi va 1938 yil noyabrgacha bir yarim yil davom etadi. Shu vaqt oralig‘ida qariyb 2 million odam hibsga olinadi. Ularning yarmiga o‘lim jazosi berilgan va otib tashlangan. Qolganlari uzoq yillarga qamaladi.

«Katta terror»ning bosh tashabbuskori va ijrochisi ichki ishlar xalq komissari (NKVD rahbari) Nikolay Yejov edi. Qonxo‘rlik va vahshiylikda hech narsadan tap tortmaydigan Yejov bu vazifaga 1936 yil sentabrda tayinlangandi.

Aslida SSSRda qama-qamalar Yejovdan oldin NKVDni boshqargan Genrix Yagoda davrida ham bo‘layotgandi. Biroq qonsiragan bu tashkilotga Yejov rahbar bo‘lgach SSSR bo‘ylab Yagoda davrida boshlangan qatag‘onlar avjiga chiqadi.

Nikolay Yejov

Millionlab insonlar davlatga xiyonatda ayblanib, xalq dushmani sifatida jazolanadi. Ularning bir qismi GULag qamoqxona lagerlariga jo‘natilgan bo‘lsa, boshqalari otib tashlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda Yejov Stalinga hibsga olishlar va jazolashlarga ruxsat olish haqida 15 000 ta murojaat, doklad va so‘rovnoma olib kirgan.

«Katta terror»da qancha odam qatag‘on qilingan?

1953 yil mart oyida Stalin vafot etgach SSSR markaziy qo‘mitasi kotibi Petr Pospelov boshchiligida maxsus komissiya tashkil etiladi. Komissiya Stalin davrida qatag‘onga uchragan kishilarning ishlarini ko‘rib chiqa boshlaydi.

Komissiya xulosasiga ko‘ra, 1937-1938 yillarda «Katta terror» vaqtida 1 mln 548 ming odam hibsga olingan. Ulardan 681 ming 692 nafariga o‘lim jazosi berilgan va ular otib tashlangan.

Tarixchi Viktor Zemskov ma’lumotlariga ko‘ra, 1937-1938 yillarda (tarixchi shu davrni Stalin qatag‘onlari o‘tkazilgan qonli davri deb hisoblaydi) 1 mln 345 ming odam hibsga olingan. Ulardan 681 ming 692 nafariga o‘lim jazosi berilgan.

Tarixchi Vadim Rogovin 1937 yilning ikkinchi yarmida (Katta terror boshlangandan so‘ng) 353 ming, 1938 yil noyabrgacha yana 328 ming 618 odam otib tashlanganini keltiradi.

Agar 1937 yilning ikkinchi yarmida o‘lim jazosiga hukm qilganlarni oylarga bo‘lib chiqilsa o‘shanda sovetlar har oyda mamlakat bo‘ylab 70 ming nafardan odamlarni otib tashlagani ayonlashadi.

Sovet arxivlarida (hozir bu arxiv FSB nazoratida) saqlanayotgan hujjatlarda hibsga olingan va otib tashlangan odamlarning soni ancha kamaytirib ko‘rsatilgani aytiladi.

GULag mahbuslari

Jumladan, hujjatlardan birida 1937 yil 1 noyabrdan 1938 yil 1 noyabrgacha 767 ming 397 nafar odam qatag‘on qilingani, ulardan 386 ming 798 kishi otib tashlangani keltirilgan.

Shuningdek, SSSR prokuraturasi ma’lumotlarida ham qatag‘on qilinganlar va o‘lim jazosi berilganlar kamaytirib ko‘rsatilgan.

Stalin vafotidan so‘ng, 1953 yilda SSSR bosh prokurori lavozimini egallagan Roman Rudenkoning ma’lumotlariga ko‘ra, 1921 yildan 1953 yil Stalin vafotigacha davlat siyosiy boshqarmasi kollegiyasi va NKVD «Troyka»si tomonidan sovet ittifoqida aksilinqilob faoliyatda ayblanib, jami 3 mln 777 ming odam jazolangan. Biroq tarixchilar bu miqdor bir necha baravar ko‘pligini aytishadi.

Ayrim tarixchilar «Katta terror»ni 1936 yil avgustdan boshlangan ham deyishadi. O‘sha paytda NKVDga Genrix Yagoda boshchilik qilar va turli odamlar qamalayotgan edi. Biroq 1937 yil 30 iyul kuni Yejov tomonidan imzolangan qarordan so‘ng hibsga olishlar keskin oshadi.

Tekin ishchi

«Katta terror» davrida millionlab insonlar hibsga olinar ekan, ularning bir qismiga o‘lim jazosi berilgan bo‘lsa, boshqalari uzoq muddatga qamaladi.

Qamalganlarning barchasi GULag qamoqxona lagerlariga jo‘natiladi va u yerda mahkumlar tekin ishchi vazifasini bajarishadi.

GULag qamoqxona lagerida mehnat qilayotgan mahkumlar

1938 yilda mahbuslarni muddatidan oldin ozod qilish tartiblari haqida gapira turib shaxsan Stalinning o‘zi ularning ishchi sifatida mamlakat iqtisodiyoti uchun qanchalik muhim ekanini aytgan edi:

«Mahbuslar qamoqxonada o‘zini yaxshi tutganiga aldanib qolmaslik kerak. U yerda ular tartib bilan yashaydi. Ozodlikka chiqqach yana jinoyat yo‘liga kiradi. Shunday ekan, muddatidan oldin chiqadiganlarni ham ishlayotgan joyida olib qolish choralarini ko‘rish kerak. Ana shunda ular har doim nazoratda bo‘ladi».

Stalinning bu gapidan so‘ng ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan mahbuslarga ichki tartibni buzish bilan ayb qo‘yilib, qamoq muddati uzaytirilaveradi. Oqibatda tekin ishchi sifatida ishlayotgan mahbuslarning bir qismi vafot etgancha qamoqxona lagerlarida qolib ketaveradi.

«Katta terror» boshlanishidan bir yil avval, 1936 yilda NKVD qoshida bir qancha qurilish boshqarmalari tashkil etiladi. Jumladan:

  • Muhandislik-qurilish bo‘limi;
  • Alohida qurilish boshqarmasi;
  • Avtomobil yo‘llarini qurish boshqarmasi;
  • Tog‘-metallurgiya korxonalarini qurish boshqarmasi;
  • «Boshgidroqurilish»;
  • «Boshsanoatqurilish»;
  • «Dalstroy» (shimoli-sharqiy hududlar qurilish boshqarmasi);

NKVD mahbuslar orasidan turli kasb egalarini alohida ajratib olib, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlatadi. Qo‘lida hunari bo‘lmaganlarni (ayniqsa ziyolilarni) eng og‘ir ishlarga – ko‘mir va turli rudalarni qazish ishlariga jalb qiladi.

Aksariyat qamoqxona lagerlarida siyosiy mahbuslar oddiy jinoyatchilar bilan birga saqlanadi. Oqibatda, oddiy jinoyatchilar siyosiy mahbuslarni kamsitib, ularning kiyimlari va ovqatlarini tortib oladi.

GULag mahkumlari og‘ir mehnat jarayonida Foto: alamy.com

Bundan tashqari, lager nazoratchilari bo‘lgan NKVDchilar ham oddiy jinoyatchilarga qaraganda siyosiy mahbuslarga ko‘proq azob berishadi.

Aksariyat qamoqxona lagerlari Sibirda yoki Uzoq Sharqning odam oyog‘i yetmaydigan joylarida topilgan konlar yaqinida tashkil etilgani uchun mahbuslar hech qayerga qochib keta olmagan.

Sovuq havoda mehnat qilishga majburlangan va og‘ir sharoitga chiday olmay vafot etgan mahbuslar qamoqxona lagerlari atrofidagi ommaviy qabristonlarga nom-nishonsiz ko‘mib yuboriladi.

«Katta terror» tashkilotchilari va ijrochilarining keyingi taqdirlari

Stalin tuzumi shunday tuzum ediki, o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan odamlarni ham ayamagan. Jumladan, «Katta terror» tashkilotchilarining va ijrochilarining qariyb hammasi Stalin davrida qatag‘onga uchraydi.

Ularning bir qismi otib tashlanadi. Boshqalari esa uzoq yillarga qamalib, GulAG qamoqxona lagerlarida og‘ir sharoitga chiday olmay o‘lib ketadi.

Jumladan, 1939 yilda «Katta terror» yakunlanishi arafasida NKVDning 7 372 nafar xodimi ishdan bo‘shatiladi. Bu tashkilot safida ishlayotgan xodimlarning qariyb 23 foizini tashkil etardi.

Ishdan bo‘shatilganlarning 3 174 nafari rahbar-xodimlar bo‘lishgan. Ko‘p o‘tmay ularning aksariyati otib tashlanadi va qamaladi.

Biroq manfur tuzum «Katta terror» bosh tashkilotchisi va ijrochisi Nikolay Yejovga ham vafo qilmaydi. 1938 yil avgustda hali «Katta terror» davom etayotgan vaqtda Lavrentiy Beriya NKVDda Yejovning birinchi o‘rinbosari va davlat xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlanadi. Bu amalda barchasini Beriya o‘z qo‘liga oldi degani edi.

Stalin va Lavrentiy Beriya

Oradan uch oy o‘tgach to‘satdan Yejov NKVD rahbarligidan bo‘shatiladi va uning o‘rniga Lavrentiy Beriya tayinlanadi. 1939 yil aprelda Yejov hibsga olinadi. Uning qo‘liga kishanni shaxsan Beriyaning o‘zi taqadi. 1940 yil fevralda u otib tashlanadi.

Yejov hibsga olingandan so‘ng «Yejov ishi» bo‘yicha NKVDning ko‘plab xodimlari hibsga olinadi. Ular ham o‘z rahnamosiday otib tashlanadi. O‘lim jazosidan qutulib qolganlari uzoq muddatlarga qamaladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid