Jamiyat | 10:28 / 22.12.2016
10251
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Amir Temur haqidagi roman taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Foto: sharh.uz

20 dekabr kuni Toshkent shahridagi «Kitob olami» ma'naviy-ma'rifiy savdo majmuasida Oraz Abdurazakovning “Povelitel” (Hukmdor) nomli ilk kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga tarixshunos olimlar, filologlar, yozuvchilar, jurnalistlar va mehmonlar tashrif buyurishdi. “Amir Temur” turkumidagi ilk she'riy roman taqdimoti ushbu asarni “Ilhom” teatr-studiyasining mahoratli aktyori tomonidan ifodali o‘qish bilan boshlandi. Asar tarixshunos olimlar orasida yuqori baholandi.

“Bugungi kunga qadar Sohibqironning taxtga chiqish tarixini ushbu janrda hech kim yorita olmagan edi. Hukmdorning taxtga chiqish bosqichi, o‘sha davrning hayot va turmush tarzini batafsil she'riy tarzda yoritish - bu nostandart masala va muallif xronologik aniqlikni buzmagan holda buni uddasidan chiqdi”, deydi tarix fanlari doktori, Sharq qo‘lyozmalari Markazining katta ilmiy xodimi Dilorom Yusupova.

“Povelitel” romani Amir Temur taxtga o‘tirib, Samarqandga hukmronlik qilgunga qadar, ya'ni 1365 yildan 1370 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan.

“Bu mening birinchi kitobim. Keyingi yilda men kitobning davomini chiqarish niyatidaman. Bugungi kunda 1371-1376 yillar voqealarini hikoya qiluvchi “Pobeditel” (G‘olib) romani deyarli tayyor va yana bir vaqtning o‘zida “Amir Temur” seriyasining yana ikki qismi ustida ish olib bormoqdaman. Shuningdek, ushbu buyuk insonning deyarli butun hayotini qamrab olgan 7ta roman chiqarishni rejalashtirganman”, degan asar mualllifi Oraz Abdurazzaqov.

Mavzuga oid