Jamiyat | 18:36 / 29.09.2023
17370
13 daqiqa o‘qiladi

«Bo‘sh xonaga ortingizdan kirsam, sizni topolmaslikdan qo‘rqaman» – «Teatr» romani haqida

«Hayot bu - teatr, undagi odamlar - aktyorlar» degan edi Vilyam Shekspir. Hamma davrning o‘z mashhur va mohir aktyor-aktrisalari bo‘ladi. Bu kasb egalarining mashaqqatlari o‘zlarigagina yaxshi ma’lum. Rollariga kirishib, qahramonlar his-tuyg‘ularini boshdan kechirishi, obrazlarning iztiroblarini, shodliklarini o‘zinikidek ko‘rsatib berish sirayam oson emas.

Aslida Shekspir aytganidek, yashab turgan hayotimizning o‘zi ham katta teatr, sahna. Taqdir atalmish ssenariy asosida harakatlanuvchi aktyor yoki aktrisalarmiz. Yashash davomida bizda mavjud bo‘lgan niqoblarimizni tez-tez almashtiramiz, rollarimizni imkon qadar mahorat bilan o‘ynashga tirishamiz. Lekin bir narsa: ijobiy yoki salbiy rolni tanlash o‘z qo‘limizda. Taniqli yozuvchi Somerset Moem o‘zining «Teatr» nomli asarida sahna va hayotdagi aktyor-aktrisalarning farqini yaqqol ko‘rsatib bergan.

Syujyet:

Asar Juliya ismli aktrisa haqida bo‘lib, u yoshligidan aktrisa bo‘lishni orzu qiladi. 12 yoshidan yaxshi ustozlardan bu san’at sirlarini o‘rganishga harakat qiladi. Mehnatlari albatta o‘z natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Avvaliga mahalliy teatrlarda rol ijro etib yuradi va keyinroq Jimmi Lengton ismli mashhur rejissyordan ishga taklif tushadi. Juliya rozi bo‘ladi. Jimmining teatri Juliyaning shon-shuhratga to‘la kelajak hayoti uchun bir tajriba maktabi bo‘ldi. Qiz bu teatrda Maykl ismli kelishgan, barvasta aktyor yigit bilan do‘stlashadi. Uni telbalarcha sevib qoladi. Ammo Maykl o‘zining ko‘rkamligini bilar, shuning uchun ham mag‘rurlanib, barcha qizlarga mensimay qarardi. Uning fikr-xayoli boyib ketish, o‘zining xususiy teatrini ochish edi. Buning uchun esa o‘ta ziqnalik bilan pul yig‘a boshlaydi. 

Maykl Juliya har qancha ishora qilsa-da qizning sevgisiga e’tibor bermaydi. Ammo bir kuni Juliyaning sahnadagi rolini ko‘rib lol qoladi. U shunday mahorat bilan ijro etayotgandiki, Maykl buni ko‘rib ko‘zyoshlarini tiyolmay qoladi. Juliya kelajakda mashhur aktrisa bo‘lib ketishi aniqligiga ishonch hosil qiladi va qizning qo‘lini so‘raydi. Ular turmush qurishadi. Juliya Mayklni qattiq sevardi va undan e’tibor talab etardi. Mayklning sovuqqonligi, xotiniga ko‘pam vaqt ajratmasligi, xayoli faqat raqamlar bilan band ekanligi ayolning toqatini toq qilardi. Bora-bora Juliyaning eriga otashin hislari so‘nib bordi, o‘rtada Rojyer ismi bir farzand va o‘zaro hurmatdan boshqasi qolmaydi.

Maykl sezganidek Juliya tez orada katta shuhrat qozonadi. Ular Londonga kelib, xususiy teatrlarini ham ochadi, Maykl orzu qilgandek boy ham bo‘lib ketadi. Juliya 40 yoshdan oshganda ularning hayotiga Tom ismli yigitcha kirib keladi. U Maykllar teatriga oddiy hisobchi bo‘lib tayinlangandi. Tom Juliyaga turli xil gullar, sovg‘alar jo‘natib, uning e’tiborini tortadi. Hatto o‘z ijara uyiga taklif qilishga-da jur’at etadi. 

Bu jur’ati Juliyani qiziqtirib qo‘ygan va ayol borishga ahd qilgandi. Yigitcha ijara uyida yolg‘iz yasharkan. Biroz muddat mehmon bo‘lgach Juliya qaytishga chog‘lanadi. Ammo Tom katta jasorat bilan ayolga tashlanadi. Juliya ham avval hayron, keyin taslim bo‘ladi...

Tom bilan Juliyaning oshiq-ma’shuqliklari anchagacha davom etadi. Ayol o‘g‘li tengi yigitchaga shu qadar o‘rganib qolgandiki, uni bir kun ko‘rmasa turolmasdi. O‘sha davr fransuz jamiyatida ayollarning o‘ynash orttirishi oddiy holat sifatida qabul qilinardi. Ammo Juliya qirqdan oshgungacha bunday gap-so‘zlardan xoli edi. Biroq endi Tom ikkisi haqida har xil g‘iybatlar g‘imirlab qolgandi.

Bir kuni kutilmaganda Tom Evis Krayton haqida gapirib qoladi. Bu qizning orzusi aktrisa bo‘lish ekanini aytib, Juliyadan ishga qabul qilishini, qizga ustoz bo‘lishini iltimos qiladi. Juliya rozi bo‘ladi. Evis Juliyalarning teatrida ishlay boshlaydi. Tez orada Juliya Tom bu havaskor aktrisani sevib qolganini anglaydi. U rashkdan qattiq iztirobga tushadi. O‘zini qo‘yishga joy topolmaydi. O‘ziga ta’til berish maqsadida qishloqqa, xolasi va onasining uyiga ketib qoladi. U yoqdan ancha dam olib, yengillab qaytadi. 

Bu orada o‘g‘li Rojyer Venadan uyga keladi. Ona-bola suhbatlashib o‘tirgan chog‘da Rojyer onasiga o‘z fikr-mulohazalarini to‘kib soladi. Ota-onasini o‘ziga nisbatan bemehrlikda ayblaydi. Juliyaga: «Shaxs sifatida mavjudmassiz. Har bir aytgan gapingizda, har qilgan harakatingizda rol o‘ynaysiz. Agar bo‘sh xonaga ortingizdan yugurib kirsam, sizni topolmay qolishdan qo‘rqaman», deb aytadi.

O‘g‘lining bunday gaplari Juliyani sarosimaga solib qo‘yadi. Endi u o‘g‘lining gaplarini hazm qilishga urinib, o‘zini tinmay tahlil qila boshlaydi. Bu orada katta bir pesa premerasi bo‘ladi. Unda doimgidek Juliya bosh rolda edi. Shuningdek, bu pesadan Evis uchun ham muhim rol ajratilgandi. Bu qiz bilan Maykl alohida shug‘ullangan, endi uning kelajakdagi karerasini ushbu premeradagi chiqishi hal qilardi. Ammo bu chiqishni Juliya mohirlik va makkorlik bilan rasvo qiladi. Shu bilan Evisning ham, Mayklning ham butun rejalari chippakka chiqadi. Evisning muvaffaqiyatsizligini ko‘rgan Tom qizni tashlab, yana Juliyaga qaytadi. Ammo bu alfons yigitcha endi Juliyaga kerak emasdi...

Premeradan so‘ng Juliya hamma narsadan o‘zini ozod his qilib, eng odmi kiyimlarini kiygancha ovqatlanish uchun yolg‘iz restoranga boradi. O‘zining o‘n yillardan beri yeyishdan tiyib yurgan ovqatlarini buyuradi. Mazza qilib ovqatlanadi va tushunib yetadiki, bu hayotda hamma rol o‘ynab yashaydi. Faqatgina o‘zi hayotda ham, sahnada ham bir xil Juliya bo‘lib yashay olibdi...

Tahlil:

Juliya o‘zining barcha yutuqlariga omad, iste’doddan ham ko‘ra ko‘proq mehnat bilan erishgandi. U kiborlar jamiyati ichida bo‘la turib aslzodalardan nafratlanardi. Chunki ularning deyarli hammasi bu darajaga juda osonlik bilan erishgandi: shunchaki aslzoda bo‘lib tug‘ilgandi. Shuning uchun zodagonlarning aksariyati takasaltang, mijg‘ov va tanbal edi. Juliya esa oliy tabaqa bo‘lgunga qadar ozmuncha tirishib, harakat qilmadi. 12 yoshidan yaxshi ustozlar bilan tinmay harakat qildi. Maqsadi sari intildi. O‘z ustida ishlashdan to‘xtamadi. Bu bilan esa inson qattiq xohlagan narsasiga ko‘p mehnat bilan erishsa bo‘lishini isbotladi. 

Mayklga bo‘lgan tuyg‘ulari ham juda beg‘ubor va samimiy edi. Ammo Maykl bu tuyg‘ularni qadrlay oladigan, his qiloladigan va shunga yarasha javob qaytaroladigan darajada jo‘shqin qalbli emasdi. Umuman olganda, Maykl yomon inson emas. Ko‘rkam, ishbilarmon, ko‘ngilchan. Ammo Juliyadek yonib yashovchi, ehtirosli ayol uchun bu yetarli emasdi. Aksariyat ayollar e’tibor, otashin muhabbat, olov qalb istashadi. Maykl esa sovuqqon va vazmin edi. Shu sababdan ham bora-bora Juliyaning qaynoq tuyg‘ulari eriga nisbatan sovuqlashib bordi. 

Tomga kelsak, bu bolakay kiborlar jamiyatiga ayollar orqali kirib borishga muttasil urinardi. Navbatdagi o‘ljasi Juliya edi. O‘zining g‘ayritabiiy jasorati, jo‘shqinligi bilan uning qalbini zabt etgandi. Shunday mashhur aktrisani hammayam ijara uyiga taklif qilib, unga tegajog‘lik qilolmasdi-da, axir. Aslida, ayollarga surbet va tavakkalchi erkaklar ko‘proq yoqishi ham sir emas...

Tom Juliyadan yetarlicha foydalana oldi. O‘ziga yarasha obro‘ orttirdi, kiborlar jamiyatiga yaqinlashdi, moddiy mablag‘larning turli ko‘rinishlariga ham erishdi. Endi navbatdagi o‘ljani izlashga tushdi. Shu payt Evis uning hayotiga kirib kelib qoldi. Tom Juliya orqali Evisga ish olib berib, qizni mashhur qilish va butun umr mashhur aktrisaning turmush o‘rtog‘i bo‘lish rejasini tuza boshladi. Mashhur bo‘lishni orzu qilib yurgan Evis uchun ham Tomdek «homiy» yoqib tushgandi. Bu qiz ham ayni paytda aktrisa bo‘lish uchun har qanday narsa va harakatga tayyor edi: Tomga ma’shuqa bo‘lishga, Juliyaga yaltoqlanishga, Mayklning suyulishlariga chidash berishga va bu «qari eshak»ni ko‘rkamligini tinmay ta’kidlashga...

Tomning Evisga munosabatini va o‘ziga bo‘lgan befarqligini sezgach Juliya qattiq siqildi. Uni ham rashk, ham g‘ururi o‘rtardi. O‘zini ojiz sezayotganidan g‘ijinardi. Ammo bu holat bir-ikki oyda o‘tib ketdi. Juliyadek mag‘rur va irodali ayol ko‘pam oh-voh qilib yurolmasdi. Endi u Tomni ko‘rsa, u haqida eshitsa hech narsani his qilmay qo‘ydi. Ammo o‘zini o‘yin qilishgani uchun bu bolakaylarning boplab ta’zirini berib qo‘yishni ko‘ngliga tuggandi. Shunday bo‘ldiyam. O‘ta mohirlik bilan Evisning aktrisalik bo‘yicha kelajakdagi butun karerasini barbod qildi, shu bilan birgalikda, Tomning ham rejalarini yo‘qqa chiqardi. Bu Juliyaning o‘ziga xos intiqomi edi. 

Asarda Rojyer va Juliyaning o‘zaro suhbatlari asosiy o‘rin egallaydi. Bola yoshligida onasining sahnadagi qaysidir chiqishini ko‘radi va qattiq ta’sirlanadi. O‘shanda Juliya shu qadar ta’sirli rol ijro etgandiki, tomoshabinlarning yig‘lamagani qolmagandi. Pardalar tushirilgach Rojyer onasining yoniga yuguradi. Bu vaqtda onasi hech narsa bo‘lmagandek, hozir sahnada hammani ta’sirlantirmagandek kulishib, kimlar bilandir suhbatlashib turganini ko‘radi. Shundan beri onasi ko‘ziga ikkiyuzlamachi, hayotda ham, teatrda ham rol o‘ynovchi soxtakor ko‘rina boshladi. 

Rojyerning ota-onasidan, asosan, onasidan xafa bo‘lishida jon bor edi. Chunki ota-ona mehri, e’tibori bola uchun judayam muhim. Ota-onadan mehr ko‘rib o‘sgan farzand ota-onasiga ham mehribon bo‘ladi. Rojyer esini tanibdiki, Juliyaning fikr-xayoli teatrda, Mayklniki boylikda. Bola o‘z holicha katta bo‘ldi, dunyoqarashini, shaxsiy fikrlarini ota-ona ko‘magisiz mustaqil shakllantirdi. Ammo Rojyer onasini soxtakor aktrisa deb adashgandi.

Shunday insonlar bo‘ladiki, kasbining haqiqiy mutaxassisi hisoblanadi. Ular o‘z faoliyatlarni qattiq sevganidan boshqa narsalarga unchalik ham vaqt ajratolmaydi, ahamiyat bermaydi. Juliya shundaylar toifasidan edi. Har qanday rohatbaxsh joydan ko‘ra teatrni ustun qo‘yardi. Grimxonasida uydagidan ham ko‘ra ko‘proq erkin his qilardi o‘zini. Hayotiy tashvishlarini sahnada, repetitsiyada butkul unutardi. U kasbini sevardi. Shaxsiy hayotini-da unutardi ishida. 

Juliya soxtakormas edi. Mayklni aktyor desa bo‘ladi. Juliyaning kelajagi porloq bo‘lishiga ishonch hosil qilgachgina unga uylandi. Ungacha qizning muhabbatini nazarga ilmadi. Tomni aktyor desa bo‘ladi. Obro‘ uchun Juliyaga yaqinlashdi, keyin esa Evisni ko‘zladi. Evis rejasi barbod bo‘lgach yana Juliyaga qaytdi. Evis ham aktrisa. Mashhur bo‘lish uchun nimalar qilmadi. Birgina Juliya hech kimni aldamadi, hech kimga yaltoqlanmadi. Nimagaki erishgan bo‘lsa, o‘z kuchi, mehnatlari bilan erishdi. 

Hayotda har qadamda rolini mahorat bilan ijro etuvchilarni uchratamiz. Har birimiz istab-istamay rolga kirishamiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, o‘z manfaatimiz, maqsadlarimiz uchun kimnidir aldashga, tuyg‘ulari bilan o‘ynashishga haqqimiz yo‘q. Mavlono Jaloliddin Rumiyning mashhur gapi bor: «Asling kabi ko‘rin. Yoki ko‘ringaning kabi bo‘l…”

Gulasal Qodirova, kitobxon
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid