Buxoroda ota-onasini tiriklayin yoqib yubormoqchi bo‘lgan o‘g‘il 16 yilga qamaldi
To‘ng‘ich o‘g‘il Farhodning muqim bir ishning boshini tutmagani, keksaygan Nosir ota bilan uning kampirini tashvishga qo‘ya boshladi.
“Huquq” gazetasining yozishicha, 2003 yilda Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida ketgan o‘g‘il 11 yil davomida biror marta ota-onasini telefon orqali bo‘lsa-da, yo‘qlamadi. Shunday bo‘lsa-da, Nosir ota bilan Shabon aya xorijdan uyiga quppa-quruq kirib kelgan farzandlarini kechirib, yana bag‘rilariga olishdi. Bir emas, besh marta uylanib ham hayot, oila qadrini anglashga ma'nan ojiz Farhod Egamov avvalgi xotinidan tug‘ilgan o‘g‘li uchun aliment to‘lashi haqidagi sud ijro varaqasini ko‘rdi-yu, unda yana Rossiyaga ketish ilinji paydo bo‘ldi.
- Menga pul topib beringlar, Rossiyaga ketaman.
- O‘sha joyda pul ekib qo‘yilmagandir?! Binoyidek qurilishda ishlay olasan. Shu yerda xotin, bola-chaqang oldida bo‘lganing ma'qul, - dedi Nosir ota jahli chiqib.
- Otang to‘g‘ri aytadilar, bolam. Mana, qizalog‘ing Sitorabonuni qara, “dada”laydigan bo‘lib qoldi. Komiljoning ham katta bo‘lib qoldi.
- Bir umr shunday bo‘lgan. Hech qachon mening gapim to‘g‘ri chiqmagan. O‘z bilganlaringdan qolmaysizlar. Ketaman dedimmi, ketaman! Pul bermasalaring, og‘ilxonadagi sigirni sotib bo‘lsa ham ketaman!
Farhod qarib qolgan ota-onasiga suyanch bo‘lish, ularni boqish, ko‘ngillariga qarash o‘rniga yana Rossiyaga otlandi. Ammo keksalarning roziligini olmagan o‘g‘il fuqarolik pasportiga taqiq qo‘yilgani bois, Astraxandan ortga qaytdi. Cho‘ntagida xemiri yo‘q, yarim tunda uyiga kirib kelgan o‘g‘ilga ota-onasi pul topib bera olishmadi. U xotinining tilla ziragini taksi haydovchisiga kira haqi o‘rniga berib yubordi.
Ota noqobil farzandidan bezib bo‘lgan edi. Kelini Xurshida qaynotasining oldiga o‘g‘liga nasihat qilishlarini so‘rab kelganida, chol-kampir o‘yga tolishdi. Qanday yo‘l tutishni bilishmasdi. O‘ylay-o‘ylay, bir qarorga kelgan ota o‘g‘lini huzuriga chaqirdi.
- Yakshanbagacha senga muhlat. Ro‘zg‘oringni alohida qilib beraman. Inson yashash uchun harakat qilishi kerak. Qachongacha onang bilan mening pensiyamga yashaysan, axir! Vijdon bormi, senda?!
Bu kabi tanbehu janjallar kunora davom etar, ota-ona va o‘g‘il o‘rtasidagi munosabatga allaqachon darz ketib bo‘lgan, mehr-oqibat rishtalari uzilay-uzilay, deb turgan edi.
2016 yil 25 yanvar kech soat 18:00larda bojasining to‘yiga otlangan Farhodning ko‘ziga qarib qolgan ota-onasi eng xavfli dushmandek ko‘rinib ketdi. “Bu masalani o‘ylab ko‘rishim kerak”, degan o‘y yalt etib miyasidan o‘tdi. To‘yda spirtli ichimlik iste'mol qilgan Farhod uyga qaytdi.
Yotgan xonalariga qo‘qqisdan kirib kelgan o‘g‘lini ko‘rib, qo‘rqib ketgan ona bir cho‘chib tushdi.
- Qaysi biring meni ko‘rishni istamaysan?! – og‘zidan tupuk sachratib hezlandi Farhod.
- Otang uxlayaptilar. Uyg‘otib yuborasan, - dedi kampir.
O‘g‘lining jahl va qahrini ko‘rib, yuragi tubida og‘riq sezdi. Bir zumda Farhodni dunyoga keltirgani, bedor o‘tgan tunlari, u og‘rib qolganida joninida berishga tayyor bo‘lgan lahzalar ko‘z o‘ngidan o‘tar ekan, o‘zini o‘ta baxtsiz his etdi.
- Meni haydaganlaring uchun bu uyni yoqib yuboraman! – deb baqirdi Farhod.
Aslida ota-onasini tiriklayin yoqib yuborishni rejalashtirgan o‘g‘il qo‘shni qishloqlik tanishidan 2 ta yelim idishda benzin ham keltirib qo‘ygan edi.
Xona ichiga benzin sepib, o‘t qo‘ygan ko‘rnamak farzand eshikni orqadan tanbalab qo‘ydi. Dod-faryodni eshitib, yordamga kelgan kelin qaynona-qaynotasini qutqarib qoldi.
Sud hukmiga ko‘ra, Farhod Egamov 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mavzuga oid
14:38
Buxoroda cho‘ldan saksovul sindirib olib ketayotganlarga 40 mln so‘m jarima qo‘llandi
13:11 / 18.11.2024
Xitoy Buxoroda "yashil" sanoat parkini barpo etadi
07:54 / 18.11.2024
Toshkent - Buxoro - Toshkent yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
12:01 / 09.11.2024