Jahon | 23:20 / 27.12.2016
11700
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil BMT rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar bilan aloqalarni chekladi

Foto: Getty Images

Isroil hukumati BMT Xavfsizlik kengashining Isroildan Falastin hududlarida qurilish olib borishni to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagan davlatlar bilan aloqalarni chekladi. Bu haqda Isroil rahbariyatidagi mansabdor shaxslarga iqtibos keltirgan holda CNN xabar bermoqda.    

Tel-Aviv aloqalarni vaqtinchalik cheklamoqchi bo‘lgan davlatlar orasida Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Ukraina, Angola, Misr, Urugvay, Ispaniya, Senegal va Yangi Zelandiya bor. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashmaydi, ularning elchilari Tel-Avivda qabul qilinmaydi.

23 dekabrda BMT Xavfsizlik kengashi Isroildan Falastin hududlarida qurilish olib borishni to‘xtatish talab qilingan 2334-rezolyutsiyani qabul qilgandi. Hujjatni Xavfsizlik kengashining AQShdan boshqa barcha a'zolari qo‘llab-quvvatlagan. AQSh betaraf qolgan. 5 yil avval shunday rezolyutsiya ko‘rilganda Vashington unga taqiqlov qo‘ygandi. Tel-Aviv BMT Xavfsizlik kengashi qarorini bajarishdan bosh tortmoqda.

Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i Isroil tomonidan 1967 yildagi Olti kunlik urush davomida bosib olingan. BMT bu hududlarda yahudiy aholi punktlarining mavjudligini noqonuniy va xalqaro qonunchilikka zid keluvchi deb hisoblaydi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid