Jamiyat | 15:35 / 28.12.2016
16201
2 daqiqa o‘qiladi

Hur ko‘ngilni avlodlarga meros qoldirgan shoir

Bu vatanda bir Vatan
Qurmoqni istaydir ko‘ngil,
o‘zni ozod qush kabi
Ko‘rmoqni istaydir ko‘ngil.

Bu Vatan timsoli bo‘lsa
Tong quyoshi shu'lavor,
Shu'lalar qo‘ynida charx —
Urmoqni istaydir ko‘ngil.

Bu misralar muallifi o‘z Vatanini, xalqini hur va ozod ko‘rishni istadi. O‘shanda O‘zbekiston mustamlaka davlat edi. Ammo shoir qo‘rqmadi, dilidagi so‘zlarni tiliga dadil chiqardi. Ko‘ngil daryosidan oqayotgan suvni loyqalatishni, uni yolg‘onlar bilan bulg‘atishni istamadi. Bir so‘z bilan aytganda ko‘ngliga qarshi borishni istamadi.

O‘zbekiston Xalq shoiri, dramaturg, jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning tavallud topganiga bugun roppa-rosa 80 yil to‘ldi. Bu umr yo‘li munosib, avlodlarga o‘rnak bo‘lgudek darajada yashab o‘tildi. Ulug‘ shoir 1990 yildan davlat-jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullandi. 1990-1995 yilarda O‘zbekiston Oliy Kengashi qo‘mitasi raisi, 1995-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi, 2005-2008 yillarda Oliy Majlis Senatining madaniyat va sport, fan, ta'lim masalalari qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.

Erkin Vohidov haqida biror narsa qoralamagan, uning yorqin, his-tuyg‘uga to‘la she'rlaridan bahra olmagan va buning ta'sirida qo‘liga qalam olmagan ijodkor bo‘lmasa kerak. Shoir Vatanni sevish, uni qadrlash, eng asosiysi, tinchlik, hurlik, ozodlik kabi buyuk ne'matlarning qadriga yetishni o‘rgatdi.

Bugun Erkin Vohidov xonadonida tarixiy voqea yuz berdi. O‘zbekiston xalq shoirining 80 yilligi munosabati bilan uning uyida yodgorlik o‘rnatildi.

Mavzuga oid