Jamiyat | 10:00 / 04.01.2017
18857
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda bemorning qornidan 18 yil avval unutib qoldirilgan jarrohlik asbobi chiqarib olindi

Foto: Getty Images

Vetnamda shifokorlar bemorning qornidan jarrohlik qisqichini chiqarib olishdi. U boshqa tibbiyot xodimlari tomonidan 18 yil avval o‘tkazilgan amaliyot vaqtida unutib qoldirilgan, deb xabar beradi Bi-bi-si.

VTV1 mahalliy telekanali shifokorlar va Ma Van Nyat ismli 54 yoshli vetnamlikdan qisqacha intervyu olishdi. Erkak avtomobil halokatidan so‘ng kasalxonaga olib kelingan va shifokorlar rentgen jarayonida ichaklar yonida metall buyum borligini aniqlashgan.

Ma Van Nyatning so‘zlariga ko‘ra, 15 santimetrli asbob 1998 yilda uning qornida o‘tkazilgan amaliyot davomida unutib qoldirilgan bo‘lishi mumkin. 

Bemorning o‘zi esa organizmidagi begona asbob sabab hech qachon o‘zini noqulay his qilmaganini ma'lum qildi. Biroq, so‘nggi bir necha oyda uning qornida kuchli og‘riqlar paydo bo‘lgan hamda ular og‘riqni qoldiruvchi vositalar qabul qilganidan so‘ng ham ketmagan.

Jarrohlik qisqichini chiqarib olish bo‘yicha amaliyot uch soat davom etdi. Ma Van Nyatni operatsiya qilgan shifokorning ta'kidlashicha, asbobning quloqchalari ko‘p yillar davomida zanglab ketgan va ichki a'zolarga yopishib qolgan.

Vetnam sog‘liqni saqlash vazirligi Ma Van Nyatni 1998 yilda jarrohlik amaliyotidan o‘tkazgan klinikadan hodisa yuzasidan hisobot taqdim etishni talab qildi. Klinika direktori esa tibbiy yozuvlar 15 yildan ortiq saqlanmasligini ma'lum qilib, vetnamlikning qornida aynan kim qisqichni unutib qoldirganini aniqlash qiyin kechishini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid