Jahon | 16:36 / 11.01.2017
5882
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung rahbarining o‘rinbosari korrupsiya ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirildi

Foto: EPA

Janubiy Koreyaning Samsung korporatsiyasi vitse-prezidenti Li Chje Yon mamlakat prokuraturasiga so‘roqqa chaqirilgan. Uni Koreya respublikasining impichmentdagi prezidenti atrofidagi korrupsiya mojarosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya chaqirgan. Bu haqda komissiyaning rasmiy vakili ma'lum qilmoqda. 

"Li Chje Yon pora berganlikda gumon qilinayotgani munosabati bilan ko‘rsatmalar berishi uchun 12 yanvarda kelishi kerak", - degan rasmiy vakil matbuot anjumanida. Tergov tomoniga ko‘ra, Samsung rahbariyati vakili Koreya prezidenti Pak Kin Xening yaqin dugonasi Chxve Sun Silga biznes yuritishda ayrim yengilliklar taqdim etilishiga javoban moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaror qilgan.
 
Xususan, korporatsiya Chxve Sun Sil va uning qizi nomiga Germaniyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan firma hisobiga, go‘yoki ko‘rsatilgan konsalting xizmati uchun 18 mln dollardan ortiq mablag‘ni o‘tkazgan. Tergovchilarning fikricha, buning natijasida Samsung kompaniyasining ayrim shoxobchalari birlashishida ko‘mak berilgan. Ularning katta miqdordagi aksiyalari esa, davlat Pensiya jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan. 

Gumonlarga ko‘ra, Chxve Sun Sil mamlakat prezidentigiga yaqinligidan foydalanib, sport va madaniyatni rivojlantirish bahonasida Janubiy Koreyadagi ko‘plab kompaniyalarni o‘zi tashkil etgan nohukumat jamg‘armalariga xayriya mablag‘lari o‘tkazishga majburlagan. Bunda, mablag‘larning aksariyatini noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgan. 

Tergovchilarning fikricha, Koreya respublikasi prezidenti Pak Kin Xe dugonasining bu ishlaridan hech bo‘lmaganda xabardor bo‘lgan. Ushbu mojaro tufayli, mamlakat rahbari vaqtincha lavozimidan chetlashtirilgan. 2016 yil 9 dekabrda Koreya parlamenti uning impichmenti uchun ovoz bergan edi. Hozirda, uning vazifalarini bosh vazir Xvan Gyo An bajarmoqda. 

Mavzuga oid