Sport | 12:36 / 12.01.2017
38301
7 daqiqa o‘qiladi

Endi bizda ham umid bor! Infantino inqilobi qanchalik to‘g‘ri?

FIFAning jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32tadan 48taga oshirganiga tanqidiy yondashgan «Tribuna» sayti bu safar masalaga boshqa bir rakursdan qaradi.

Yangi yilni FIFAning yangi prezidenti Janni Infantino o‘zi reja qilgan inqilob bilan boshladi. Keyingi o‘n yillikning ikkinchi mundialidan boshlab jahon chempionati ishtirokchilari soni 48tani tashkil qiladi. Bu qaror yuzasidan turlicha fikrlar yangramoqda. Kecha e'lon qilingan maqolamda, bu qarorning salbiy tomonlari haqida to‘xtalib o‘tgandim. Maqolani yozish davomida fikrlarimga teskari fikrlar paydo bo‘lib qoldi. Boshida jamoalarning soni 48taga oshirilishining salbiy tomonlari ko‘pdek tuyulgandi. Endi ijobiylari ham yetarlichadek ko‘rinmoqda. Bugun shu haqda gaplashamiz.

«Infantino karamsho‘rvasi».  JCh ishtirokchilari soni oshirilishi qanchalik to‘g‘ri?

Endi bizda ham umid bor!
Eng asosiysi, bu O‘zbekiston terma jamoasining ham imkoniyatlari oshishi. Istaysizmi, yo‘qmi, bugungi kundagi futboldan kelib chiqib, muxlis-u mutaxassislarning aksar qismi O‘zbekiston terma jamoasi hozirgi formatdagi JChga chiqishiga ishonmay qo‘ygan. Osiyo uchun beriladigan 4,5ta o‘rinning, kuchimizga real baho beradigan bo‘lsak, oshib borsa 0,5taga da'vogarlik qilishimiz mumkindek ko‘rinmoqda. Infantinoning yangi taklifida eng ko‘p yo‘llanmalar taqdim etiladigan mintaqalardan biri Osiyo bo‘lib turibdi. Aytishlaricha, OFK uchun 8,5ta yo‘llanma beriladi. 9 yilda Osiyodagi 9ta kuchli jamoadan biri statusini ham yo‘qotib qo‘ymasak, hech bo‘lmasa «bitta-bitta morojniy yeb qaytish» imkoniyatimiz endi ko‘proq bo‘ladi.

Turnir geografiyasi
48 jamoa bu birinchi navbatda turnir geografiyasini kengaytiradi. Jahon chempionatiga juda yaqin kelib, oxir-oqibat yo‘llanmadan quruq qolib ketayotgan terma jamoalar uchun bu juda yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Jahon chempionatida ishtirok etish futbol rivoji uchun yangi bosqich bo‘lishini O‘zbekiston futboli misolida ham ko‘p gapirganmiz. Jahon chempionatiga chiqsak, futbolchilarimizning reklamasi oshadi, kuchli beshlikda paydo bo‘lamiz va hokazo gaplarga ko‘p duch kelamiz. Bu O‘zbekistonga o‘xshash istalgan terma jamoa uchun ham mos keladi. 48ta terma jamoa chempionatga bo‘lgan qiziqishning (mamlakatlar hisobga olinsa), kengayishiga sabab bo‘ladi. Ishtirok etadigan futbolchilar soni oshadi, klublar transferi uchun ko‘proq futbolchi reklama qilinadi. Teleauditoriya oshishiga va albatta FIFA va musobaqa mezbon mamlakatining ko‘radigan foydasi keskin oshishiga zamin yaratadi.

Yana bir gap. Infantino haq. 48 terma jamoa butun dunyo miqyosida hisobga olinganda atigi 20 foizni tashkil qiladi. Qit'a chempionatlari ishtirokchilari sonini, mintaqaning umumiy mamlakatlari hisobidan kelib chiqib hisoblang. Yevropada deyarli 50 foiz ishtirokchi qatnashadi, Osiyoda bundanda ko‘proq, KONMeBOLniku aytmasa ham bo‘ladi.

Jamoalar saviyasi? Islandiya va'da beradi!

Jamoalar sonining bu qadar keskin oshirilishiga nisbatan norozilik birinchi navbatda o‘yinlar sifatiga ta'sir qilishi bilan izohlanmoqda. Lekin o‘tgan yilgi Yevropa chempionati ko‘rsatdiki, ko‘hna qit'ada kuchli jamoalar 16tadan ancha ko‘p ekan. Islandiya, Vengriya yoki Shimoliy Irlandiya ko‘rsatgan futbol sizga saviyasiz ko‘rindimi? Yoki zeriktirib qo‘ydimi? Birgina o‘sha Islandiyaning o‘zi qanchalik shov-shuv bo‘ldi? Qanday reklama bo‘ldi. Ularning atrofidagi afishalar. Xullas, bu tajriba qaysidir ma'noda o‘zini oqladi. 

To‘g‘ri jahon chempionati ishtirokchilari sonining oshirilishidan ko‘proq Afrika va Osiyo mintaqalari yutishi aytilmoqda. Yevropaga beriladigan yo‘llanmalar soni taxmin qilinayotganidek 16ta emas, ko‘proq bo‘lishi yanada qiziqarliroq o‘yinlarni ko‘paytirishi mumkin. Bunga men ham qo‘shilaman. Ammo boshqa tarafdan Afrikada so‘nggi yillarda mundiallarda ko‘rinish bermayotgan to‘rtta kuchli terma jamoani topish mumkinligiga siz ham ishonasiz to‘g‘rimi? 2002 yilda sensatsiya ko‘rsatgan Senegal, JCh bo‘yicha eng omadsiz ko‘rinadigan Misr kabi terma jamoalarni ko‘rish qiziqmasmi, sizga? Yoki o‘tgan yilgi mundialni yaxshi saviyada o‘tkazgan Yangi Zelandiyaga o‘xshagan yangi jamoalar paydo bo‘lishiga ishonmaysizmi?

Futbol rivojlanishda davom etmoqda va bundan keyin ham rivojlanishda davom etadi. Bir necha yil oldin professional futbolchilari sanoqli bo‘lgan va bugun ko‘pchilikning mehrini qozongan Islandiyaga o‘xshagan jamoalar chiqib kelaveradi. Murabbiylarimiz yodlab olgan gap borku «Futbol o‘ynashni hamma o‘rganib olgan», axir.

An'ana
Yuqoridagi fikrni davom ettiramiz. Futbol rivojlangan, rivojlanmoqda, bundan keyin ham rivojlanadi. Jahon chempionatlari tarixiga nazar tashlasak, vaqti kelib ishtirokchilar soni oshib borganini ko‘ramiz. 1930 yilgi dastlabki mundialda 13ta jamoa ishtirok etgan. 1998 yilgi Fransiyadagi mundialdan boshlab esa jamoalar soni 32taga yetkazildi. Albatta kimdir «24dan keyin 32» qoidasi bo‘yicha jamoalar sonini 40taga yetkazish to‘g‘riroq bo‘lardi, deyishi mumkin. Biroq bu holatda turnir formatini tuzib chiqish juda murakkablashib ketardi. Tasavvur qiling bir guruhda beshtadan jamoa ishtirok etadigan mundial guruh bosqichini. Albatta 2026 yildan boshlab amalda bo‘ladigan turnir formatini ham ideal deb bo‘lmaydi, lekin 40ta jamoa uchun tuzilishi mumkin bo‘lgan formatdan ko‘ra bu yaxshiroq ko‘rinmoqda.

Yillar o‘tgan sari o‘zgarishlar ko‘paymoqda. Futbol qoidalariga ham qancha o‘zgarishlar kiritildi. XXI asr texnologiyalari ham asta-sekin kirib kelmoqda. Bu paytda esa Infantino aytganidek XXI asrning ham o‘z mundiali bo‘lishi kerak. Yangi asr futboli bilan! Yangicha mundial bilan.

Mualliftwitter.com/murodov_

Mavzuga oid