Jamiyat | 11:48 / 13.01.2017
4582
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Amerikadagi davlatda 11 yanvar oxirgi 2 yilda qotillik sodir etilmagan yagona kun bo‘ldi

Markaziy Amerikada joylashgan Salvador davlatida 2015 yilning yanvaridan buyon ilk marta bironta qotillik holati qayd etilmagan kun o‘tdi. Bu mamlakat qotilliklar soni bo‘yicha dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi.

Milliy politsiya direktor Govard Kotto payshanba kuni ma'lum qildiki, o‘tgan kunda qotillik haqida bironta xabar kelib tushmagan.

Assoshieyted press xabariga ko‘ra, jinoiy guruhlar urchigan bu davlatda oxirgi bor 2 yil avval, 2015 yilning 22 yanvarida qotillik sodir etilmagandi. Qotilliksiz o‘tgan yana bir kun 2013 yilda kuzatilgan, 2012 yilda esa 2 kun davomida hech kim hech kimni o‘ldirmagandi.

Salvadorda 6 million atrofida odam yashaydi. 2016 yilda kuniga o‘rtacha 14,4ta qotillik sodir etilgan.

Zo‘ravonlik holati 2015 yilda cho‘qqisiga chiqqandi, o‘shanda har 100 ming kishiga 104 qotillik to‘g‘ri kelgandi. Bu harbiy harakatlar bo‘lib o‘tmayotgan davlatlar orasida odamlarning o‘ldirilishi bo‘yicha eng yuqori natija hisoblanadi.

2016 yilda hukumat jinoiy guruhlarga urush ochib, qotilliklar sonini avvalgi yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga erishdi (100 ming kishiga 81,2ta qotillik). Ammo Salvador tinch aholi uchun eng xavfli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2017 yilning birinchi kunidan buyon 100dan ortiq kishi qotillik qurboniga aylandi.

Politsiya bu davlat qotilliklarsiz yashay olmasligiga izoh bera olmaydi. Ammo hukumat jinoiy guruhlarning harakatiga chek qo‘yishga umid qilmoqda.

Salvadordagi eng yirik jinoiy tashkilot "Mara Salvatrucha" (Mara Salvatrucha) bo‘lib, narkobiznes, talonchilik va reket bilan shug‘ullanadi. Bu guruh avvaliga Los-Anjyelesda, o‘tgan asrning 80-yillarida salvadorlik muhojirlar tomonidan tashkil qilingan. Mamlakatda 1992 yilda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushidan keyin ko‘plab muhojirlar AQShdan qaytgan va tashkilot faoliyati Salvadorda davom ettirilgan.

Salvadordagi qotilliklarning aksari "Mara Salvatrucha" va "Barrio 18" guruhlari qarama-qarshiligi oqibatida ro‘y beradi. 2016 yilning aprelida mamlakat prezidenti Sanches Seren banditlarga qarshi kampaniya boshlanganini e'lon qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid