Jamiyat | 18:02 / 13.01.2017
19650
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yengil avtomobil chet el fuqarosini urib yubordi

Toshkent markazida, Grand Mir Hotel (sobiq "Rossiya") mehmonxonasi yonida yengil avtomobil va yo‘lovchi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Sputnik xabar bergan.

Xabarda ta'kidlanishicha, hodisa 12 yanvar kuni kechqurun Toshkent vaqti bilan soat 19.30da ro‘y bergan. "Kobalt" rusumli avtomobil mehmonxona yonida tasodifan yo‘lovchini urib ketgan. Jabrdiyda esa chet el fuqarosi bo‘lib chiqdi.

"Hodisa yuz berishi bilan atrofda tomoshabinlar ko‘paygan, bu esa tirbandlik yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Oyog‘ini ushlab voy-voylab yotgan jabrlanuvchini chor tomondan o‘rab olindi", — deb ta'kidlagan guvoh.

Guvohning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil tomonidan turtib yuborilgan shaxs yoki Xitoy yoki Koreya fuqarosi. U o‘z hamrohlari bilan birgalikda yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joyda kesib o‘tgan. Bir necha qator mashinalar oqimida amallab yo‘lini topib ketayotganlardan biri esa baribir avtomobil g‘ildiraklari ostida qolgan. Zarba oqibatida "Kobalt"ning oldingi o‘ng chirog‘i chil-parchin bo‘lgan. Jabrlanuvchi jiddiy jarohatlanmagan, uning o‘zini tutishidan to‘qnashuv tufayli uning chap oyog‘i lat yeganini anglash mumkin bo‘lgan.

Avariyani haydovchining o‘zi quyidagicha izohlagan: "Men u qanday qilib ko‘chadan kesib o‘tayotganini sezganim yo‘q, hatto. Xuddiki, yerning ostidan paydo bo‘lgandek edi. Men shu onning o‘zidayoq tormozni bosdim, shu tufayli u mashina g‘ildiraklari ostida qolmadi. Men soatiga 50 km tezlikda kelayotgan edim, mana shu chet ellikni qattiq zarbadan qutqarib qoldi", — deb so‘zlagan Gasan ismli haydovchi.

Hodisa joyiga yetib kelgan "Tez tibbiy yordam" mashinasi jabrlanuvchini kasalxonaga olib ketgan. Gasanning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari avariya holatini o‘z bo‘linmalarida o‘rganishlarini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid