Jahon | 12:27 / 17.01.2017
6270
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston halokatga uchragan Boeing bortida terakt sodir etilganiga oid taxminni rad etdi

Qirg‘iziston IIV Boeing 747-400 avialayneri bortida terakt sodir etilganiga doir taxminlarni rad etdi. Bu haqda TASS agentligi vazirlik rahbari o‘rinbosari Kursan Asanovga asoslangan holda xabar qilgan. 

«Halokatga uchragan samolyot detallarida portlovchi moddalar izlari aniqlanmagan», — degan Asanov parlamentdagi chiqishida. 

Respublika favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar qilishicha, qulab tushgan havo laynerining to‘rtinchi ekipaj a'zosi jasadi ham topilgan.
 
O‘z navbatida, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Muhammadkaliy Abulg‘oziyev, Qirg‘iziston sud ekspertizasi markazida fojiada halok bo‘lgan 37 kishi, shu jumladan 17 bolaning shaxsi aniqlanganini ma'lum qildi, deb xabar qilgan RIA Novosti. 

17 yanvarning ikkinchi yarmida Bishkekka Xalqaro aviatsiya qo‘mitasining ekspertlari tashrif buyurishi kutilmoqda. Ularga samolyot qora qutilari topshiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni Turkiya aviakompaniyalaridan biriga tegishli Boeing 747 yuk tashuvchi samolyoti Bishkekning Manas aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan edi. U Hongkong-Bishkek-Istanbul yo‘nalishida parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, layner 23 ta bir qavatli uylarni butunlay vayron qilgan. 

Shu munosabat bilan, 17 yanvarda Qirg‘izistonda milliy motam kuni deb e'lon qilingan.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid