O‘zbekiston | 19:35 / 18.01.2017
31198
4 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarini sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoni paydo bo‘ldi

2016 yilning 31 oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Habibullo Jalilov bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida quyidagi ma'lumotlarni berdi.

“Mazkur qarorga muvofiq, 2017 yilning 1 yanvaridan yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat'i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi. 

Tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon'yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.

O‘z navbatida, yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, ularga qat'iy jazo qo‘llaniladi va hatto litsenziyasini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, ushbu qarorning hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta'minlash, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi”.

Shuningdek, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha 5500ga yaqin dorixonalarning “Iste'molchilar burchagi” tashkil etilib, unda barcha dorixonalar uchun majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari, cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvalini osib qo‘yilishini ta'minlanmoqda.

“Ushbu qaror aholiga moddiy jihatdan qanday manfaat keltirdi, degan savolga javob sifatida e'tiboringizni bir raqamga tortsam. Cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvali mahalliy dori vositalarining narxi 8% dan 44% gacha pasayganligini ko‘rsatdi. Demak, xalqimiz endi mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarini sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi”, - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi Habibullo Jalilov.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid