O‘zbekiston | 17:33 / 20.01.2017
40670
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘zbek qizlarini fohishalikka sotmoqchi bo‘lgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi

Bugungi kunda odam savdosi jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biridir. Turli aldovlarga uchib, bu jinoyatning qurboniga aylanayotganlar orasida yurtdoshlarimiz ham topiladi. Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan bu jinoyatga qarshi kurash doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar fosh etilmoqda.

Samarqand xalqaro aeroportida ana shunday jinoyatlardan birining oldi olindi, deb yozmoqda “Zarafshon” nashri.
 
Aniqlanishicha, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi R.Savchenko Samarqandga qarindoshinikiga keladi. Tashrif davomida unda O‘zbekistondan noqonuniy yo‘llar bilan qizlarni olib chiqish va kelgusida ulardan fohisha sifatida foydalanish kabi jirkanch g‘oya tug‘ildi. Z.Bahodirova mo‘may pul evaziga qizlarni yollashda unga yordam berishga rozi bo‘ladi. 

U Rossiyaning Ryazan viloyatida yuqori haq to‘lanuvchi ofitsiantlik, sotuvchi-konsultantlik va obro‘li savdo tuzilmalariga ishga qo‘yish imkoni borligini aytib, yolg‘on va'dalari bilan qizlarni o‘ziga og‘dira boshlaydi. Bu taklifga uch nafar yosh qiz xayrixohlik ko‘rsatadi. Qizlarga kelgusida ishlab uzish sharti bilan transport xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Ularning pasport ma'lumotlari aviachipta olish uchun Rossiya Federatsiyasiga jo‘natiladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari xodimlarining tezkor tadbiri tufayli bu jinoyat fosh etildi. Samarqand xalqaro aeroportida qizlarni Rossiyaga jo‘natayotgan  R.Savchenko qo‘lga olindi. Mazkur jinoyatda sherik bo‘lgan Z.Bahodirova ham ushlandi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan ushbu kimsalarga nisbatan hukm o‘qildi va tegishli jazo tayinlandi.

Mavzuga oid