Jamiyat | 11:14 / 23.01.2017
23084
4 daqiqa o‘qiladi

Kitob chiqarib, boyish gunoh emas, ammo.....

Taniqli bloger Adham Atajonov (Abu Muslim) kitobxonlikning bugungi darajasi va mavjud muammolar haqida gapirar ekan, oldindagi to‘siqlarni yengish hamda odamlarga ma'rifat ulashish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

“So‘nggi kunlarda odamlar kitob o‘qimay qo‘ygani haqida ko‘p gapiriladigan bo‘ldi. Bu haqqoniy e'tirof, ya'ni bor gap. Biroq shu muammoni keltirib chiqaradigan omillar haqida kam gapiriladi. Keling, shu masalani tahlil qilib ko‘raylik. Muammoning ildizi nimada?

Menga ko‘ra, bunga ko‘p omillar sabab, biroq ko‘pchilik kam gapiradigan bir-ikki asosiy jihatlarini sanab o‘taman:

1. Kitoblar juda qimmat. (Kitob va poligrafiya bo‘yicha xabari bor odam sifatida kitoblar haqiqatan ham juda qimmat ekanini tasdiqlayman. Ko‘pincha noshirlar kitobni atayin "katta" qilib, qimmat sotishga harakat qilishadi (katta shriftlarda, naqsh va boshqa bezaklar evaziga). Mayli, bu noshirlarning o‘z ishi. Kitob chiqarib, boyish gunoh emas, ammo oddiy xalqning holatidan kelib chiqqan holda, xalqni ham ma'rifatga oshno qilish yo‘llarini o‘ylab qo‘ysalar ham yomon bo‘lmasdi. Faqat boylar yoki puli ko‘plar kitobxon bo‘lishi kerak degan gap yo‘q. 

2. Tekin kutubxonalar tashkil qilish kerak. Oldingi turdagi kutubxonalarni modernizatsiya qilish, qulaylashtirish va boshqa kerakli choralarni ko‘rish kerak. Internetda onlayn kutubxonalarni rivojlantirish kerak. Masalan. Ziyouz.com’ga o‘xshash ma'rifiy resurslarni qo‘llab-quvvatlash lozim. To‘g‘ri, bu yerda mualliflik huquqi muammosi ham bor. Mualliflar yoki noshirlar o‘n marta nashr qilib sotgan va foydasini o‘n marta olgan kitoblarini ham tekinga, xalq o‘qishi uchun berishga rozi bo‘lavermaydi. Yana va yana sotish ilinjida bo‘ladi... Shu muammoni ham chiroyli hal qilish kerak. Ya'ni, bu masalada six ham kabob ham kuymasligi lozim.

Katta bir internet kutubxona tashkil qilib, barcha kitoblarni shu o‘rtaga tashlash kerak. Offlayn ishlashi uchun maxsus dasturlar ham ishlab chiqilsa yaxshi bo‘ladi. (Arabcha "Shomila" dasturiga o‘xshash).

Xalqni kitobxon qilish uchun kitoblar, albatta, qog‘ozli bo‘lishi shart emas. Kitoblarning elektron muqobillarini ko‘paytirish hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini qulaylashtirish, arzonlashtirish kerak. So‘nggi vaqtlarda G‘arb va boshqa kitob o‘qishni sevadigan yurtlarda elektron kitoblarni o‘qish kuchaygan.

Jadid bobolarimiz elni, yurtni ma'rifatli, ziyoli qilish uchun o‘z hisoblaridan maktablar ochgan, gazet va jurnallarni chiqargan. Xalqni ma'rifatli, ziyoli qilish uchun o‘z hisoblaridagi mol-mulklarini ayashmagan. Ey, nega men mol-mulk dedim? Mol-mulk nima gap bo‘pti-ki, jonlarini ham qurbon qilib yuborishgan. Bizdagilar esa, kitobxonlarning kitobga bo‘lgan muhabbatlaridan o‘zlariga moddiy manfaat izlashadi. Xalqni, millat manfaatlarini ustun bilishmaydi. Biz nega bobolarimizga o‘xshamadik?.. Shu haqida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak...”.

Mavzuga oid