Jamiyat | 18:31 / 24.01.2017
178979
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 3 oy ilgari ochilgan savdo markazida dahshatli fojia ro‘y berdi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida to‘rt soniyali rolik joylashtirildi. Unda savdo markazida bola ko‘targan ayolning eskalatorda qoqilib ketib, bolasini pastga tushirib yuborgani aks etgan. 

Taxminiy ma'lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa Andijonning “O‘zbegim” savdo markazida bir necha kun ilgari ro‘y bergan. Videorolik esa kecha, 23 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirildi. Bola to‘rt qavatli bino balandligidan yerto‘ladagi kafel ustiga tushgan. Uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.

Video Facebook foydalanuvchilari orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ba'zi birlar fojiada bolaning onasini ayblashgan. Uning uzun ko‘ylak kiyib, etagiga chalishgani, oqibatda muvozanatni yo‘qotib, bolani pastga tushirib yuborganligini sabab qilib ko‘rsatishdi. Videoda ayol ikkinchi qo‘li bilan eskalatordan pastga yurib tushmoqchi bo‘layotgan ikkinchi bolasining qo‘lini ushlamoqchi bo‘lgani ham aks etgan. Foydalanuvchilar bunday holatda ayol eskalatordan emas, zamonaviy savdo markazlarida mavjud bo‘lgan liftdan foydalanishi zarur bo‘lganligini ta'kidlashdi.

Boshqa bir foydalanuvchilar esa baxtsiz hodisaga eskalatorning nosozligini, yo‘lovchilar xavfsizligi ta'minlanmaganligini sabab qilib ko‘rsatishdi. Ular boshiga og‘ir musibat tushgan onani muhokama qilmaslikka chaqirganlar. 

Kun.uz ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Andijondagi “O‘zbegim” savdo markazi ma'muriyati bilan bog‘landi. U yerda o‘zini tanishtirishni istamagan suhbatdosh bu ma'lumotni na tasdiqlashi va na inkor eta olishini ma'lum qildi.

Umid qilamizki, bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida savdo markazlari xodimlari fuqarolar xavfsizligini ta'minlashga, eskalator harakatini nazoratga olishga yanada jiddiyroq munosabatda bo‘lishadi. 

Mavzuga oid