Jamiyat | 20:50 / 25.01.2017
19135
3 daqiqa o‘qiladi

Ishlarning a'losi ayblarni yashirishdir

Hech bir inson xato va kamchilikdan xoli emas. O‘zi adashib qilgan gunoh ishlarni so‘zlamaslik, o‘zgalardan ayb axtarmaslik, birovning aybiga, xatosiga nogoh ko‘zi tushib qolganida, uni yoymaslik dinimiz talablaridandir.

Mo‘minning aybi, gunohini ko‘rib qolgan kishi uni yashirishi mustahabdir. Xususan, xunuk ishlar obro‘li, yomonligi kuzatilmagan kishidan sodir bo‘lsa, uni ommaga oshkor qilmaslik zarur.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim mo‘minning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Yana bir o‘rinda: Yaxshilaringizning adashishlaridan ko‘z yuminglar”, deydilar (Abu Dovud rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi”, deyiladi (Ibn Moja rivoyati).

Chunki ayblarni oshkor qilish, bir mo‘mindan sodir bo‘lgan ishni so‘zlash yomonlikni yoyish hisoblanadi. Ulamolar: “Ishlarning a'losi ayblarni yashirishdir”, deyishgan.

Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Mo‘min yashiradi va nasihat qiladi, fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi”.

Biroq fisqu fujur ishlarni qilayotgan kishini ko‘rganda, uni qaytarish vojib sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga qodir bo‘lmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi yetmasa, ko‘ngli bilan o‘zgartirsin. Bu esa imonning eng zaifidir”, deganlar (Muslim rivoyati).

Hech kimning biror musulmondan ayb qidirishi to‘g‘ri emas. Alloh taolo: “O‘zgalardan ayb qidirmang” (Hujurot surasi, 12 oyat), deydi. Xato yoki gunoh qilgan mo‘min Allohga tavba qilishi kerak. Kim bo‘lishidan qat'i nazar, aybini birovga ochmasin. Chunki Alloh taolo: “Albatta, imon keltirgan kishilar o‘rtasida buzuqliklar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz” (Nur surasi, 19 oyat), deb marhamat qiladi.

Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka targ‘ib etadi. Bunday yo‘l dinimizning naqadar insonparvarligiga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganlariga dalildir.

Habibulloh ABDURAZZOQOV
Hazrati Imom” jome masjidi imom-noibi

Mavzuga oid