Jamiyat | 07:40 / 25.07.2018
48328
4 daqiqa o‘qiladi

«Itoatsizlik, tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish». Imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablari oshkor etildi

Foto: muslim.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi «ayrim imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablarini so‘rab, murojaatlar kelib» tushayotganini ta'kidlab, ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xodimlar bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi Erdon Esanovga ko‘ra, so‘nggi yillarda Islom dini qadriyatlarini ravnaq toptirish, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlar merosini o‘rganish va yoshlarni dinu diyonatli qilib tarbiyalash borasida sermahsul ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari zamon bilan hamnafas yashash, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlash va aholi imon-e'tiqodini mustahkamlash yo‘lida imom-xatiblarni doimo faollikka, g‘ayrat ko‘rsatishga da'vat etib kelmoqda.

«Biroq ayrim imom-xatiblardagi o‘zibo‘larchilikka berilish, loqaydlikka yo‘l qo‘yish va sustkashlik qilish kabi holatlar ko‘pchilikning dilini xira qilmoqda. Tan olish kerak, Islom dini ma'rifatini keng targ‘ib etish, xalqimizning talab-istaklarini qondirish va jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish ishiga barcha imom-xatiblar birdek yondashmayotgani ma'lum bo‘lmoqda. Hukumatimiz diniy soha rivoji uchun bir qator shart-sharoitlarni muhayyo etib bermoqdaki, bir vaqtlar xayol ham qilib bo‘lmaydigan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda», deb yoziladi tashkilot rasmiy veb portalida.

«​Lekin mana shunday qulaylik va yengilliklarga zid ravishda ayrim masjidlardagi noxush manzaralar va imom-xatiblar faoliyatidagi nuqsonlar ko‘ngilni ranjitmoqda. Ba'zi masjidlarning qarovsizligi, ayrim imom-domlalarning beparvoligi yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlaydi.

Masalan, Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma'lumotga ega bo‘lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYo organidan ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani aniqlangan. Mana shuning uchun Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon domla Usmonov egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov ham masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olindi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani bosh imom-xatibi Ashurov Hasanboy ham topshiriqlarni paysalga solishi, itoatsizligi va muomala madaniyati imomlikka noloyiq bo‘lgani uchun ishdan ketdi. Shuningdek, Samarqand tumanidagi «Imomi A'zam» jome masjidi imom-xatibi Po‘latov Abdurahim kabi imom-xatiblar ham mana shunday xato-kamchiliklar tufayli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Aslida imom-domlalarning ishdan bo‘shash sabablarini shunday ochiqlashni istamagan edik. Lekin internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqdan-ochiq so‘rovlar, murojaatlar mana shunday qilishga majbur etdi.

Xulosa, mo‘min-musulmonlar tomonidan imom-xatiblarga berilgan ishonchni oqlash vojib. Buning uchun zimmadagi mas'uliyatni bajarish, vazifani ado qilish zarur. Bu yo‘lda tinimsiz mehnat, itoat va kasb-mahoratni oshirib borish talab etiladi»​, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid