Iqtisodiyot | 20:20 / 31.01.2017
8886
4 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda investitsiya dasturi doirasida 5,2 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirildi

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida 2016 yilning yanvar—dekabr oylarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma'lumot e'lon qildi.

2016 yilda faol investitsion siyosatni amalga oshirish natijasida umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta loyihalarni amalga oshirish yakunlandi hamda 5329 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, jumladan neft-gaz sanoatida — 9 ta loyiha, rangli metallurgiya tarmog‘ida — 20, elektroenergetika sohasida — 5, mashinasozlik tarmog‘ida — 3, elektrotexnika sohasida — 16, yengil sanoatda — 17, boshqa tarmoqlarda — 94 ta loyihalar.

Xususan, «450 MVt quvvatli ikki bug‘ stansiyasi qurish orqali Tolimarjon IESni kengaytirish», «Angren IESda teplofikatsion tanlov bilan yuqori kulli ko‘mirni yoqish uchun 130-150 MVt quvvatli energoblok qurish», «Siquv kompressor stansiyasini qurish orqali Sharqiy Berdaq va Shimoliy Berdaq konlari qo‘shimcha infratuzilmasini rivojlantirish», «Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish», «Mis eritish zavodida yangi erituv pechini qurish», «Qalmoqqir konining balansdan tashqari rudalarini ishlab chiqarishga jalb qilish», AJ «DjiEm O‘zbekiston»da «Yengil avtomobillarning «T-250» modelini  ishlab chiqarishni tashkil etish», «Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lini qurish», «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK havo kemalari parkini yangilash (2 ta yangi Boeing-787 Dreamliner samalyotlarini olib kelish)» , «Indorama Qo‘qon tekstil» XK MChJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish (IV bosqichi)» va «Andijon viloyatidagi «Fanteks» MChJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish», «Meylisoy» konini qurilishi» va «Sirdaryo viloyatidagi «Guliston Med Texnika» MChJ QKda bir marta foydalanish uchun sterillangan shpritslar ishlab chiqarishni tashkil etish», «Jizzax plastmassa» AJda polietilen plyonkalarini va trubalarni ishlab chiqarishni tashkil etish», «Jizzax» EIZida shisha tolasidan issiqlik izolyatsiyasini ta'minlaydigan mahsulotlarni va keng assortimentdagi elektrotexnik mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish» va boshqalar.

Shu bilan birga, qabul qilingan dasturlarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha vazirlik, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan monitoring olib borish tartibi belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Hozirgi paytda ushbu yo‘lga qo‘yilgan tizim yordamida investitsion loyihalarning amalga oshirilishida har bir tarmoq jadvalining bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatilgan va buning natijasida muammoli masalalar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borilmoqda.

Mavzuga oid