Hindistonda ijtimoiy tarmoqlar orqali yarim milliard dollar ishlab olgan firibgarlar ushlandi
Hindistonning Uttar-Pradesh shtati politsiyasi moliyaviy onlayn-piramida yaratish orqali 550 mln dollar ishlab topgan uch firibgarni qo‘lga oldi. Firibgarlar omonatchilarga internetdagi ma'lum sahifalarga "layklar" qo‘yish uchun haq to‘lashga va'da qilishgan, deb xabar bermoqda Hindustan Times nashri.
Piramida tashkilotchisi 26 yoshli, texnik ma'lumotga ega bo‘lgan Anubxav Mittal bo‘lgan. 2015 yilda u ikkita sherigi bilan Noida shahrida joylashgan Ablaze Info Solutions Limited firmasini tashkil etgan.
Firma o‘zini uchinchi kompaniyalar uchun ularning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ommalashtiruvchi vositachi sifatida ma'lum qilgan. Biroq "layklar"ni bot tarmoqlari orqali ko‘paytirish o‘rniga, ular barcha istovchilarga bu jarayonda ishtirok etishni va pul ishlab olishni taklif qilishgan. Buning uchun firmadan narxi 5750 rupiydan 57,5 ming rupiygacha (85 va 855 dollar) turadigan "obuna" sotib olish kerak bo‘lgan. Piramida omonatchilari pullarni to‘lagach, "layk" qo‘yish kerak bo‘lgan sahifalarga havolalar olganlar va har bir "layk" uchun 5 rupiydan olganlar.
Aslida esa firma kompaniyalar akkauntlarini ommalashtirish bo‘yicha hech qanday xizmat ko‘rsatmagan, balki o‘z omonatchilariga soxta serverda yaratilgan havolalarni jo‘natgan. Standart piramida kabi, bu firma ham omonatchilarga yangi mijozlarni taklif qilganlik uchun mo‘maygina pul to‘lagan, "layklar" uchun pullar esa obunachilar kiritgan pullardan to‘langan. Oqibatda firmaning mijozlar bazasi 650 ming kishigacha yetgan.
Nashrning yozishicha, ushbu firibgarlik Hindistonda o‘tgan yil noyabr boshida boshlangan valyuta islohotidan keyin fosh bo‘la boshlagan. Kompaniya dekabrda katta miqdordagi summalarni omonat sifatida kirita boshlagan va bu soliqchilarning e'tiborini tortgan. Bundan tashqari, mijozlar soni ko‘payib ketgani sababli firibgarlar gonorarlarni to‘lamay qo‘yganlar va bu mijozlarning politsiyaga murojaat qilishga majbur qilgan.
"Valyuta islohotidan keyin, ya'ni dekabr oxiridan Mittal o‘z omonatchilariga haq to‘lamay qo‘ygan, bu esa ularning politsiyaga murojaat qilishlariga sabab bo‘lgan. Yanvar o‘rtasida unda ikkita bank hisob raqamida 6,5 mlrd rupiy bo‘lgandi. Hozir esa pul yuvish sababli ularda 5,2 mlrd rupiy qolgan", deb aytgan politsiya vakili.
Tergovchilar Mittalning noqonuniy to‘plangan pullarni yuvishga aloqadorligini tekshirishmoqchi. Shunisi ma'lumki, u ota-onasi uyida yashagan holda, qimmatbaho ko‘chmas mulk va avtomobillar xarid qilgan. Tergovchilarning taxminicha, firibgar Avstraliyaga qochmoqchi bo‘lgan, bundan uning ofisida topilgan hujjatlar guvohlik bermoqda.
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024