Jahon | 12:19 / 03.02.2017
9427
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari: KXDRning yadro hujumiga javobi «vayron qiluvchi» bo‘ladi

Pentagon rahbari Jyeyms Mettis o‘zining ilk xorijiy safari chog‘ida Shimoliy Koreyani keskin ogohlantiruvchi bayonot berdi. Uning aytishicha, KXDRning ehtimoliy agressiyasiga javob zarbasi «vayron qiluvchi va jiddiy» bo‘ladi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar qilmoqda.

Amerika mudofaa vaziri so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘z ittifoqchilarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini aniq bajaradi. Mettis Seuldagi brifingda ma'lum qilishicha, agar Pxenyan AQSh yoki ittifoqchilariga qarshi yadro qurolidan foydalanishga qaror qilsa, Amerika javobi shunday bo‘lishi aniq. 

AQSh mudofaa vazirining yodga olishicha, Shimoliy Koreya «raketalar uchirish» va yadro dasturini rivojlantirishni davom ettirmoqda. Rasmiy Pxenyanning bunday faoliyati va bayonotlari AQSh va uning mintaqadagi ittifoqchilariga xavf solmoqda. 

Mettisning qo‘shimcha qilishicha, u janubiy koreyalik hamkasblari bilan yarim orolda Amerikaning THAAD raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirish jadvalini muhokama qilgan.

AQShning yangi mudofaa vaziri Janubiy Koreyadan so‘ng, Yaponiyaga tashrif buyuradi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid