Jahon | 19:50 / 04.02.2017
13213
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya politsiyasi 22 nafar chechenistonlikni ushladi

Foto: AP

Avstriya poytaxti Vena shahrida ommaviy hibsga olishlar bo‘lib o‘tdi, ular davomida chechenistonlik 22 kishi ushlandi. Bu haqda Avstriya politsiyasiga iqtibos keltirgan holda APA axborot agentligi xabar bermoqda. Hibsga olishlar 3 fevralda soat 20:45da Venadagi Donauinzel orolida o‘tgan.

Qo‘lga olishlar sababi ma'lum qilinmagan. Shunisi ma'lumki, politsiyachilar shubhali odamlar guruhini payqagan mahalliy aholidan xabar olganlar. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar chechenlardan ular bu yerda nima qilayotganlarini bilishga urinishgan. Chechenlar bu yerda sayr qilib yurishgani, ba'zilari esa to‘y bo‘layotganini aytishgan.

Politsiyachilardan biri tomonidan qorda to‘pponcha aniqlangandan keyin chechenlar hibsga olingan. "Voqea joyida bo‘lgan barcha 22 kishi hibsga olindi", deyildi politsiyada. Ushlanganlar 25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan shaxslar bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, politsiya ularning avtomobillarini tintuv qilgan. Tintuv vaqtida chechenlarga tegishli avtomat, to‘pponcha va o‘q-dorilar qo‘lga kiritilgan. Barcha ushlanganlar so‘roq qilinganlar, voqea tergovi davom etmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid