Vena yashash uchun eng qulay shahar deb topildi. Bunda jamoat transportining o‘rni qanday?
Avstriya poytaxtida jamoat transportidan qoniqish darajasi 91 foizni tashkil etadi.
The Economist jurnali Avstriya poytaxtini “dunyodagi yashash uchun eng qulay shahar” deb e’tirof etdi. Bunga jamoat transporti tizimining mukammalligi ham hissa qo‘shgan.
Jamoat transporti Venani dunyodagi yashash uchun eng qulay shaharga aylantiradigan omillardan biri. Ammo bu tizimning o‘ziga xos jihatlari nimada?
Sotsial-demokratik partiyadan Vena shahar kengashi a’zosi Yozef Tauxerning aytishicha, taxminan ikki million aholiga ega shahardagi odamlarning yarmiga yaqinida yo‘l chiptasi bor.
“U bir kunga 1 yevro turadi, 2012 yildan beri shu narx o‘zgarmagan. Bu iqlim muhofazasiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Tauxer yillik chipta narxi 365 yevro ekanini ta’kidlab.
Shahar hokimiyati ikki yil avval qabul qilingan yo‘l xaritasida Venani 2040 yilgacha iqlim jihatidan neytral shaharga aylantirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi.
“Har kuni avtobuslarimiz, tramvaylarimiz va metro poyezdlarimiz bilan dunyoni besh marta aylanib chiqamiz”, — deb qo‘shimcha qildi u, jamoat transportining kundalik bosib o‘tadigan masofani nazarda tutib.
Shahar statistikasiga ko‘ra, Vena aholisining o‘ndan uch nafari jamoat transportidan foydalanadi, uchdan bir qismidan ko‘prog‘i piyoda yuradi va faqat to‘rtdan bir qismi avtomobilda harakatlanadi.
2022 yilda Venadagi yo‘nalishlarda 792 millionta qatnovdan 352 milliontasi metroda, 274 milliontasi tramvayda amalga oshirilgan.
Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, jamoat transportidan qoniqish darajasi 91 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Vena shahrini Yevropaning 83 shahri orasida birinchi o‘ringa olib chiqdi.
Umumiy xizmatlar
“Bir necha yil avval biz “oxirgi va birinchi kilometr” muammosini hal etish hamda odamlarni avtomobillardan foydalanishga majbur qilmaslik maqsadida umumiy foydalanish xizmatlarini, jumladan, umumiy velosipedlar va elektromobillarni joriy etdik”, — deb ta’kidladi transport tizimini boshqaruvchi Wiener Linien (“Vena liniyalari”) kompaniyasi bosh direktori Aleksandra Reynagl.
“Foydalanuvchilar ishonchli tizimga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni, mashinangiz bo‘lmasa, sizni A punktdan B punktga olib boradigan boshqa tizim zarur”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Kelgusida tizimni kengaytirish rejalashtirilgan
Shahar jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish ustida ishlamoqda.
“Tizimni yangilayapmiz, chunki infratuzilmamiz eskirgan. Axir tramvay yo‘llaridan XX asr boshidan beri foydalanib kelamiz”, — dedi Reynagl.
Dastlab 2026 yilga qadar yangi U5 avtomatik metro liniyasini qurish, 2028 yilga qadar U2 liniyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan edi.
Biroq U2 loyihasi 2030 yilgacha qoldirildi, deb xabar bermoqda Railway Gazette.
Tizimni kengaytirish 300 million yo‘lovchiga qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish hamda yiliga 75 ming tonnagacha CO2 chiqindisini tejash imkonini beradi.
“Biz bu imkoniyatdan foydalanib, butun boshli ko‘chalarni odamlar nafaqat harakatlanadigan, balki hordiq chiqaradigan joylarga aylantirishimiz mumkin. Bu esa shahar sifatini chinakamiga yaxshilaydi”, — deydi Reynagl.
Mavzuga oid
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
19:32 / 30.10.2024
Farg‘onada jamoat transporti yo‘l haqi oshirildi
18:10 / 19.10.2024
Yolg‘iz keksalarga va nogironlarga shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi
22:35 / 16.10.2024