Jamiyat | 09:17 / 06.02.2017
17381
3 daqiqa o‘qiladi

27 yoshli amerikalik ayol bir yarim yilda 195 davlatga bordi

27 yoshli amerikalik qiz Kassandra De Pekol dunyoning barcha davlatlariga rekord miqdordagi kam muddat ichida tashrif buyurdi. Bu haqda Seeker.com nashri xabar berdi.

2015 yilning iyulida boshlangan sayohat 18 oy va 26 kun davom etdi. U bu vaqt oralig‘ida 195 davlatga borib, ikkita jahon rekordini o‘rnatdi. De Pekol jahonning barcha davlatlariga tashrif buyurgan tarixdagi birinchi ayolga va bu ishni tez amalga oshirgan ilk insonga aylandi. Avvalgi rekordchi – amerikalik professor Ili Lyu bunga uch yil, uch oy va olti kun sarflagandi.

Kamboja

Ayolning so‘nggi kelgan davlati Yaman bo‘ldi. De Pekol bu mamlakat chegarasini Ummon tomondan 27-yanvar kuni kesib o‘tishni rejalashtirgandi, biroq tashrifni bir necha kun keyinroqqa qoldirishga majbur bo‘ldi. Aniqlanishicha, u Yamandan AQSh elchixonasining maxsus ruxsatnomasisiz qaytib kela olmas ekan. Ayol Ummon poytaxtiga borib, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirdi. U 2-fevral yakuni Yamanga kelib, chegara yaqinidagi qishloqqa kirib bordi va mamlakatni o‘sha kuniyoq tark etdi.

Shimoliy Koreya

Sayohatchi ayolga har bir davlatga borish uchun o‘rtacha ikki-uch kun vaqt talab etildi. U o‘z safari davomida taqdimot marosimlarida qatnashdi hamda talabalar va mahalliy hokimiyat vakillari bilan uchrashdi. Barcha tashriflarni ham tinchgina o‘tdi, deyish mushkul. Peruda sayyoh ayol ketayotgan taksiga qurollangan bosqinchilar hujum qilgan bo‘lsa, Bahrayn va Liviyada uni Markaziy razvedka boshqarmasi buyurtmasiga ko‘ra ishlaydi deb hisoblashdi. Grenadada De Pekolni narkokurer deb o‘ylashdi va tegishli tekshiruv jarayonida so‘ng qo‘yib yuborishdi.

Kassandra Suriyada taksi haydovchisi bilan

De Pekolning so‘zlariga ko‘ra, u bolalikdan dunyoni tomosha qilish, turli madaniyat va dinlar bilan yaqindan tanishishni orzu qilgan. Safarga hammasi bo‘lib 200 mingdan ko‘proq dollar sarflandi. Bu vaqt davomida amerikalikni unga notanish bo‘lgan kishilar moliyaviy qo‘llab-quvvatlab turishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha homiylarini sayohat davomida topdi.

De Pekol so‘nggi davlat – Yamanda. 

Noyabrda De Pekol jurnalistlarga aerofobiya (samolyotlarda parvoz qilishdan qo‘rqish)dan aziyat chekishini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u aviaparvozdan o‘g‘irlab yoki o‘ldirib ketishlari mumkinligidan ham ko‘ra ko‘proq qo‘rqadi.

Mavzuga oid