Jahon | 17:33 / 08.02.2017
3954
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari Ukrainaga boradi

Foto: © RIA Novosti

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li 9-10 fevral kunlari Ukrainaga tashrifini amalga oshiradi. Turkiya TIV bergan ma'lumotga ko‘ra, u Kiyevda Oliy darajadagi hamkorlik kengashi majlisiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qiladi.

Chovusho‘g‘li Ukrainaga o‘tgan yilning 20 dekabrida borishi kerak edi, ammo Anqarada Rossiya elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi tufayli uning safari qoldirilgandi.

"Bizning vazir Ukrainaga 9-10 fevral kunlari Turkiya va Ukraina TIV rahbarlari raisligida o‘tkaziladigan Oliy darajadagi hamkorlik kengashi majlisiga tayyorgarlikni muhokama qilish uchun boradi. U ukrainalik hamkasbi Pavel Klimkin bilan muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan o‘zaro munosabatlarning istiqbollarini muhokama etadi. Bundan tashqari, Ukraina sharqida keyingi vaqtlarda yuzaga kelgan tarang vaziyat ko‘rib chiqiladi", deyilgan xabarda.

Shuningdek, muzokaralar yakunida vazirliklar o‘rtasida maslahatlashuvlar rejasi imzolanadi.

Chovusho‘g‘li o‘z tashrifi davomida Ukraina prezidenti Petro Poroshenko, Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman hamda qrim tatarlari va mesxeti turklari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid