Jahon | 19:43 / 09.02.2017
6361
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda halokatga uchragan yuk samolyoti uchun sug‘urta puli to‘lanadigan bo‘ldi

Qozog‘istonning "Yevraziya" sug‘urta kompaniyasi 16 yanvarda Qirg‘izistonning "Manas" aeroporti yaqinida halokatga uchragan "Boing-747" yuk samolyoti uchun sug‘urta to‘lashga tayyorligini bildirdi. 

"Sug‘urtachilar va loss-ajasterlar barcha ziyon ko‘rgan tomonlarga qancha pul to‘lash kerakligini hisoblay boshladilar. Eng yomon vaziyatda samolyot narxining o‘zi bo‘yicha sug‘urta puli 38 mln dollarni tashkil qilishi mumkin. Biroq bu dastlabki raqamlardir", deb aytilgan xabarda.

Tovon puli qiymati istalgan vaqtda bir necha barobarga oshishi mumkin, chunki aviahalokat sabablari va oqibatlari tergovi hali yakuniga yetmagan va Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi komissiyasi bu ish bo‘yicha yakuniy qarorini chiqarmagan.

Samolyot "Yevraziya" kompaniyasida sug‘urta qilingan. 

Ta'kidlanishicha, sug‘urta  shartnomasida samolyotning sug‘urtasi, samolyot egalarining fuqarolik-huquqiy javobgarligi va uchinchi shaxslar oldida javobgarlik ko‘zda tutilgan.

"Agar voqea sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan xatarlardan biri oqibatida yuz bergan bo‘lsa va buni isbotlovchi barcha zaruriy hujjatlar taqdim qilinsa, "Yevraziya" kompaniyasi eng qisqa vaqtlarda sug‘urta to‘lovini amalga oshirishga tayyor", deyildi kompaniyada.

Ayni vaqtda halokat bo‘yicha ma'lumot va hujjatlar to‘planmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, yuk samolyoti 16 yanvarda "Dachi SU" posyolkasi ustida halokatga uchragan. Samolyot Gonkong — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha reys amalga oshirayotgan bo‘lgan. Halokat oqibatida 39 kishi, jumladan samolyot ekipaji a'zolari halok bo‘lganlar. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid