Turkmanistonda prezidentlik saylovi: Nima o‘zgaradi?
12 fevral, yakshanba kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda - bu 1991 yil, ya'ni mamlakat mustaqillikka erishgandan keyingi to‘rtinchi saylov. Amaldagi prezident 59 yoshli Gurbanguli Berdimuhammedov uchinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ydi. BBC shu haqida maqola taqdim etdi.
Saylovlarda muxolifat nomzodlari yo‘q, muxolifatning o‘zi bo‘linib ketgan, uning vakillari - mamlakatdan tashqarida.
Yana sakkiz nomzod prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan. Ta'kidlash joizki, ular keng ommaga notanish va bunga qadar siyosat bilan shug‘ullanmagan.
Turkmaniston ulkan tabiiy gaz zaxiralariga ega mamlakat bo‘lib, u Xitoyga eng yirik gaz yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Prezidentning vakolati
Turkmaniston - prezidentlik boshqaruv shaklidagi mamlakat, ya'ni prezident - davlat rahbari va oliy bosh qo‘mondon. Aslida esa Gurbanguli Berdimuhammedov deyarli mutloq hokimiyatga ega, parlament esa faqat texnik funksiyalarni bajaradi.
Prezident barcha darajadagi davlat va hukumat amaldorlarini tayinlaydi va ularni iste'foga chiqaradi, vazirlar, oliy sudya va bosh prokuror ham shular jumlasiga kiradi.
Bu saylovlar avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?
Mazkur saylovlarda prezident ilk marta 7 yillik muddatga saylanadi (avval 5 yillik muddatga saylangan). O‘tgan yilning sentabrida Berdimuhammedov mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritdi. Unga ko‘ra, prezidentlik muddati ikki yilga uzaytirildi, shuningdek nomzodlar uchun 70 yoshgacha bo‘lgan yoshga doir cheklov olib tashlandi.
Saylovlarda 9 nomzod ishtirok etmoqda, bu birinchi shunday holatdir.
Bugungi kunda Turkmanistonda gaz narxining pastligi sabab vaziyat murakkab. Muxolifat OAV mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmovchiligi haqida xabar bermoqda, bu energiya resurslariga boy mamlakat uchun tushunarsiz vaziyat. Hukumat shuningdek oziq-ovqat do‘konlaridagi navbatlar haqida ma'lum qilayotgan jurnalistlar va internet foydalanuvchilarini xush ko‘rmaydi.
Prezidentning raqiblari kimlar?
Turkmanistonning uch partiyasi ham o‘z nomzodini qo‘ydi. Hukmron Demokratik partiya tomonidan amaldagi prezident nomzodi qo‘yilgan.
Agrar partiya o‘z faollaridan biri - Durdugilich O‘rozov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi esa - bank menejyeri Bekmurot Ataliyev nomzodini qo‘ydi.
Yana olti nomzod "tashabbuskor guruhlar" tomonidan qo‘yildi. Bu guruhlar vaqtinchalik asosda yaratiladi, ya'ni hech bir partiyaga kirmagan kishilarga saylovlarda qatnashish huquqi beriladi. Ulardan ikki nafari - Jumanazar Annayev va Meretdurdi Gurbanov, qolganlari esa - kimyo, neft va agrar sohasi ishchilari.
Ularning siyosiy platformalari o‘xshash, ular mamlakatning hozirgi ichki va tashqi kursini qo‘llab-quvvatlashadi.
Prezident o‘zining saylov oldi platformasini 25 dekabrda taqdim etdi. U iqtisodiyotni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, ko‘proq ishchi o‘rinlarini yaratish va ta'lim hamda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga va'da berdi, biroq bu borada aniq raqamlar va muddatlar belgilanmadi.
Kim saylanishi mumkin?
40 yoshdan oshgan fuqarolar prezidentlikka o‘z nomzodini taqdim etishi mumkin. Shuningdek nomzodlar turkman tilini yaxshi bilishlari hamda mamlakatda kamida 15 yildan beri yashayotgan bo‘lishi lozim.
Aholining 50 foizdan ortig‘i saylovda qatnashsa, saylovlar bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. G‘alaba uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘planishi kerak, aks holda ikkinchi tur boshlanadi.
Kuzatuvchilar
3200 mahalliy kuzatuvchi, shuningdek 31 yanvar kuni mamlakatga yetib kelgan YeXHT delegatsiyasi saylovlarni nazorat qiladi. Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kuzatuvchilar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarini erkin kuzatishlari mumkin.
Mavzuga oid
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
22:15 / 25.10.2024
BMT Markaziy Osiyoni «Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» deb e’lon qildi
18:51 / 12.10.2024
Ashxoboddagi ko‘chaga prezidentni davolagan nemis shifokorining nomi berildi
13:35 / 08.10.2024