Yakkasaroy tuman sud ijrochilari aliment to‘lovi bo‘yicha xalq bilan muloqotga kirishdi
Bugun, 17 fevral kuni Yakkasaroy tuman sud ijrochilari tomonidan navbatdagi Yunus Rajabiy mahalla fuqarolari yig‘inida aliment davriy to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamay yurgan shaxslarga huquqiy tushunchalar berish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sadriddin Xidirov, Sud ijrochilarining Yakkasaroy tuman bo‘lim boshlig‘i Madorbek Mashrapov, tuman prokuratura tergovchisi Munavvarxo‘ja Rahmatxo‘jayev, tuman IIB profilaktika inspektori To‘laganov va Yunus Rajabiy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.Zohidov hamda mahalla vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning maqsadi - aliment to‘lovlariga oid hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida to‘liq hamda sifatli bajarilishi bo‘yicha hamkorlikni yanada oshirish.
Mazkur tadbir "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" doirasida o‘tar ekan, unda xalq vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar va muammolar yuzasidan Yakkasaroy tuman sud ijrochilari hamda prokuratura vakillariga bir qator savollar bilan murojaat qilishdi.
Yig‘ilishda aliment to‘lovchi shaxslar hamda undiruvchi tomonlar qatnashib, muayyan vaziyat yuzasidan o‘z yechimini kutayotgan muammolari bilan bo‘lishishdi.
Shuni ta'kidlash joizki, aksariyat muammolar fuqarolarimizning o‘z vaqtida davlat organlariga murojaat qilmaganliklari, haq-huquqlarini yetarlicha bilmaganliklaridan kelib chiqqan. Jumladan, fuqarolardan biri turmush o‘rtog‘ining o‘z vaqtida davlat organlariga murojaat qilmaganligi natijasida 11 million qarz bo‘lib qolgan. Orada 3 yil besamar o‘tgan, bu davr mobaynida u ayoli va ikki farzandini moliyaviy jihatdan ta'minlab kelganligini ta'kidladi. Qarzdor bu summaning barchasini birdan to‘lay olmagan, albatta, u 2 million so‘m to‘lov kiritgan. Biroq qarzdor endi xizmat yuzasidan xorijga chiqa olmaydi, uning kasbi (tarjimonlik) esa muntazam ravishda xorijga chiqishni taqozo qiladi.
Yana bir holat: yosh oilalardan biri buzilgan, kuyov xorijga ketgan va shu bo‘yi ko‘rinish bermagan, farzandi uchun aliment to‘lovlarini to‘lamagan. Yaqinda uning qaytgani ma'lum bo‘lgan. Shuning uchun kimga murojaat qilish, bunday vaziyatda qanday ish tutish mumkinligi so‘raldi.
Yakkasaroy tuman sud ijrochilari barcha savollarga javob bergani holda, ularga kerakli tavsiyalar ham berishdi. Xususan, Yakkasaroy tuman sud ijrochilari bo‘lim boshlig‘i M.Mashrapov va sud ijrochisi T.Rizayev so‘zga chiqib, aliment qarzining miqdorini belgilash, majburiyatlaridan bo‘yin tovlagan kishilarga ko‘riladigan choralar haqida so‘z yuritishdi. Jumladan, voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lash shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqilishi ta'kidlandi.
Agar aliment to‘lashi kerak bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda uning hajmi O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan tomon sudga murojaat qilishga haqli ekani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi belgilab qo‘yilgan. Tadbirda voyaga yetmagan bolalarni ta'minlashda ota-onaning majburiyatlari teng ekanligi ta'kidlandi.
Voyaga yetmagan farzandlariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi.
Aliment qarzdorligi 2 oy va undan ortiq muddatni tashkil etgan taqdirda qarzdorning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklab qo‘yiladi.
Yig‘ilish so‘ngida ixtiyoriy ta'minot berilmagan har bir holat mahalla fuqarolar yig‘inlarida doimiy muhokama qilinishi, fuqarolarga aliment va qo‘shimcha xarajat undirish bo‘yicha sudga murojaat qilishga amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalar belgilandi. Shuningdek mahalla vakillari tomonidan shu mavzu bo‘yicha muayyan takliflar ham berilib, ular sud ijrochilari tomonidan qabul qilindi.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024