Jamiyat | 16:45 / 22.02.2017
33088
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 150dan ortiq bir asrlik daraxtlar noqonuniy ravishda kesib olib ketildi

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti (sobiq Shreder nomidagi ilmiy tadqiqot instituti) hududida bir oy ichida 150 dan ortiq bir asrlik daraxtlar kesib olinib, noma'lum tomonga olib ketildi, deb yozmoqda Nuz.uz nashri.

Nashrning xabar qilishicha, ularga ilmiy-tadqiqot institutining sobiq ishchisi murojaat qilib, qisqa vaqt ichida institut hududida ommaviy ravishda ko‘p yillik chinor, eman, shumtol, yong‘oq va respublikada yagona bo‘lgan kofe daraxti kesib tashlanganini xabar qilgan.

Guvohlarning aytishicha, daraxtlarni kesish yanvar oyi boshida boshlangan bo‘lib, bir oy davom etgan. Nashr kesish ishlari institut bosh direktori tashabbusi bilan boshlangani haqida yozgan. Har dam olish kunlari institut hududida ko‘plab ishchilar va texnika ishlagan, ammo buni hech kim payqamagan. Institut ishchilarining o‘zi Prezident qabulxonasiga telefon qilishgan va “o‘rmonni kesib tashlashayotgani” haqida xabar berishgan. Shikoyat tabiatni asrash qo‘mitasiga yuborilgan. Ko‘rsatilgan joyga chiqqan tekshiruv guruhi manzilni topa olmagan. Shundan so‘ng hech kim bunga e'tibor bermagan.

Oradan bir qancha vaqt o‘tib ro‘y berayotgan holat haqida “veteranlar” – afsonaviy institutning ayni damda nafaqada bo‘lgan sobiq xodimlari xabar topishgan. Aynan ular bu bilan kurash boshlashgan. Taxminan 10 nafar faol davlat rahbari qabulxonasiga kollektiv shikoyat yuborishadi hamda bir oy ichida ilmiy-tadqiqot institutida ro‘y bergan narsalar haqida batafsil ma'lumot berishgan. Bu vaqt davomida esa ozmuncha ishlar ro‘y bermadi – turli tur va hajmdagi 150ga yaqin daraxt kesib tashlandi. Yuzlab kub metr o‘tin esa, institut xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Andijon viloyati davlat raqamlariga ega yuk mashinalarida olib chiqib ketilgan.

Kavlab olingan daraxt to‘nkalaridan katta chuqurlar qolgan. Kavlanmagan to‘nkalar fotosuratidan kesib tashlangan daraxtlarning mutlaq sog‘lom bo‘lganini ko‘rish mumkin.

"Biz bundan juda kech xabar topdik. Ular barcha daraxtlarni allaqachon kesib bo‘lishgandi. Bu yerda endi faqat chuqur va to‘nkalar. Qanday azim daraxtlar edi, ularning ba'zilarini Rixard Shrederning o‘zi, qolganini akademik Mahmud Mirzayev va bizlar o‘z qo‘limiz bilan ekkandik. Bu qonunbuzarlikka qarshi hech narsa qila olmaymiz. Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va prokuratura xodimlari go‘yoki bularni ko‘rishmayapti", - deya ko‘zida yosh bilan aytgan institutning sobiq xodimlaridan biri.

Voqea joyiga borgan nashr muxbiri haqiqatdan ham institut yo‘laklari bo‘shab qolgani va hamma joyda chuqur hamda daraxt to‘nkalari qolganini ko‘rgan. To‘nkasi kavlab olingan chuqur diametri 2 metr bo‘lgan daraxtning bo‘yi qancha bo‘lgankin? Savollar ko‘p. Javoblar ham oydindek: daraxtlar bor edi – endi esa yo‘q. Albatta, ularni qaytarib bo‘lmaydi, biroq kimdir javobgarlikka tortilishi kerak-ku.

Faollarning so‘zlariga ko‘ra, ular Prezident qabulxonasiga takroran murojaat qilishgan. Ikkinchi bor shikoyatga boshqacha nazar bilan qarab, bu vaziyatni o‘rganishga kirishishdi. Ekologlarning taxminicha, yetkazilgan zarar – qariyb 57 million so‘mga teng. Aslida, yetkazilgan zararni hech qanday yo‘l bilan qoplab bo‘lmaydi, biroq bozordagi yog‘och narxidan xabardor bo‘lgan kishilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar miqdori ekologlar tomonidan aytilgan summadan 20 barobarga ko‘proq. Ilmiy tadqiqot instituti rahbariyatining bildirishicha, o‘tinlar Bekoboddagi muhtojlarga yuborilgan. Bu holat juda qiziq, chunki muhtoj oilalarni yaqinroqdan ham topish mumkin edi.

Ilmiy tadqiqot institutiga ketaverishda yo‘l bo‘ylab o‘tinlar bilan to‘la mashinalar turgan. Bunday o‘tinli bir yuk mashinasining narxi – 600 ming so‘m.

«Biz bo‘sh kelmaymiz va oxirigacha boramiz! Talab etilsa, barcha tashkilotlarga uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi marta yozamiz. Men shu yerda tug‘ildim – ilmiy tadqiqot instituti hududida uyimiz bo‘lgan. Bu yerda mening otam ishladi, institutdan keyin esa men ham mehnat qildim. Men uchun bu institut xuddi ikkinchi uydek, men esa o‘z uyimni himoya qilaman», - deya aytib o‘tdi ilmiy-tadqiqot institutining boshqa bir sobiq xodimi.

Institut ishchilarining aytishicha, ITIda ishlar u qadar yaxshi emas: muassasa o‘zini-o‘zi qoplay olmayapti, daromad keltirmayapti, xodimlar esa to‘rt oydan beri maosh olmagan. Turkiston tajriba stansiyasidan davlat darajadasidagi loyihaga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan muassasadan ayni damda faqatgina nomi qolgan... va darvozalardagi belgi.

«O‘z vaqtida bir gektaridan 75 tonna limon hosil olganmiz. Sharof Rashidovning o‘zi ilmiy-tadqiqot institutiga kelib, har bir ishchining qo‘lini siqqandi. O‘shanda biz Gruziyani sitrus mevalar yetishtirish bo‘yicha ortda qoldirgandik. Hozir esa qanday ahvol – bir necha intensiv bog‘lar va xususiy shaxslar tomonidan ijaraga olinuvchi issiqxonalar. Ilmiy tadqiqot instituti obro‘si jiddiy darajada tushib ketdi», - dedi yana bir institut xodimi.

Umid qilamizki, vaziyat yaxshilab o‘rganib chiqiladi hamda yuzlab olimlarning yarim asr davomida qilgan mehnati natijasiga bunday vahshiylarcha munosabatda bo‘lganlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. 

Mavzuga oid