Prezident sovg‘asini olgan Shodi bobo qanday qilib bu darajaga erishgani haqida gapirib berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xo‘shboqov xonadonida bo‘lib, otaxon va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan suhbatlashgan edi. O‘zA Shodi bobo Xo‘shboqov bilan suhbat uyushtirdi.
– Davlatimiz rahbarining uyimizga kelgani, dildan muloqot qilgani, hol-ahvol so‘raganiga hali ham ishongim kelmaydi. Tavba deyman, shuncha ishdan ortib oddiy fuqarolar xonadoniga borish, u bilan gurung qilish, turmushi, sharoiti, o‘y-fikrlari bilan qiziqish uchun odam qanchalar bag‘rikeng bo‘lishi kerak ekan-a, deb o‘ylayman-da, – deydi Shodi bobo. – O‘zingiz qarang-da, umri bino bo‘lib daladan boshqasini ko‘rmagan odam mamlakat Prezidenti bilan o‘z uyida gurung qilib o‘tirsa, birovga aytsang ishonmaydi. Lekin shunday bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bilan oilamizning kundalik turmushi, mahallamiz hayoti, farzandu nabiralar tarbiyasi, o‘qishi, ishi, dehqonchilik sirlari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, xullas, hamma narsa haqida gaplashdik. U kishining siz kabi ko‘pni ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan otaxon va onaxonlar jamiyatimizning mustahkam zamini, yurtimizning fayzu barakasidir, degan so‘zlari menga ham, kampirga ham kuch-quvvat bag‘ishladi, umrimizga umr qo‘shildi. Momongiz ikkovimiz ko‘p yillarga yosharib ketdik.
Shodi bobo Xo‘shboqov bu yil 84 yoshni qarshi oldi. Hali bardam, fikri teran, xotirasi mustahkam. Bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan Shodi bobo tengdoshlari qatori ne-ne qiyinchiligu mashaqqatlarni boshidan o‘tkazdi. O‘spirinlik davrida urush asoratlarini qalban his etdi, ocharchilikni ko‘rdi. O‘rta maktabni tugatgach, institutga hujjat topshirdi. Lekin omadi kelmadi. Qishloqdoshlarining o‘qishga kirolmabdi, degan gap-so‘zlarini or bilib, bir yo‘la haydovchilik kursini tugatib, uyiga qaytdi. Ikki yil xo‘jalikda haydovchilik qildi, keyin paxtachilik brigadasida ishladi. Halol mehnat qilib, dehqonchilik sirlarini o‘rgandi. Umr yo‘ldoshi Salomat momo Rahimova bilan 8 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. O‘g‘illari qo‘li gul usta, hunarmand bo‘ldi. O‘ttizdan ortiq nevara, yigirmaga yaqin chevara qurshovida piru badavlat hayot kechirayotgan otaxon va onaxon bugungi osoyishta va obod hayotga shukrona keltiradi, el-yurtga tinchlik so‘rab duo qiladi.
– Mahallada tomorqadan unumli foydalanish madaniyatini yuksaltirishda Shodi bobo barchaga ibrat, – deydi “Zang gilambob” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ziyodulla Islomov. – Tomorqadan yiliga ikki-uch marta hosil oladi. Shodi boboga havas qilib, tomorqasida ziroat yetishtirayotgan xonadonlar ko‘payib bormoqda.
Shodi bobo Xo‘shboqov farzandlari va nevaralariga ham dehqonchilik sirlarini obdan o‘rgatib, ularga yerga mehr berish zarurligi, halol mehnat orqasidan ro‘zg‘or tebratish lozimligini uqtirgan. O‘tgan yili otaxon tomorqada yetishtirilgan kartoshkadan 25 million so‘mdan ortiq daromad olgani buning yaqqol tasdig‘idir.
– Bir dona kartoshkamiz 800 grammgacha tosh bosadi, – deydi Shodi boboning o‘g‘li Shokir Xo‘shboqov. – Ko‘pchilik buning siri nimada, deb so‘raydi. Otam bizga mo‘l hosil olish uchun yerni ekishga obdon tayyorlash, qishda qo‘yning chirigan qiyi bilan oziqlantirish, yaxshi urug‘ tanlashni o‘rgatgan. Ziroat parvarishida maslahatgo‘y. Tomorqaga har yili 500 kilogramm atrofida kartoshka ekib, 5 tonnadan ziyod hosil olamiz. Endi anglayapman, kartoshka yetishtirishda ko‘pchilik urug‘ tanlashda adashar ekan. Bu yil kartoshkaning “Alouddin” navini ekdik.
Ayni paytda Shodi bobo tomorqasida ertaki kartoshka nish urmoqda. Tomorqa atrofiga did bilan yong‘oq, bodom, tut, o‘rik kabi mevali daraxtlar ekilgan. Hovli adog‘idagi qo‘rada yuzga yaqin qora mol, qo‘y, tovuq parvarishlanmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomorqamizga qarab turib, Surxondaryoni yaxshi bilaman, tuprog‘i unumdor, mo‘l hosil olish uchun juda qulay, dedilar, – deydi Shodi bobo. – Men u kishiga shu tomorqadan yiliga uch marta hosil olishimizni aytdim. Ertaki kartoshka ekamiz. Uni bahorda yig‘ib olib, pomidor ko‘chati qadaymiz, poliz yetishtiramiz. Oqqirovgacha hovlimizda ziroat bo‘ladi. O‘zimiz yeymiz, ortiqchasini sotamiz, dedim. Yaratilayotgan bunday sharoit, imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdim, duo qildim. Prezidentimiz uyimizdan qaytgach, bizga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan "Captiva" mashinasini sovg‘a qilib yuboribdilar. Ko‘p yashasin. Boshimiz ko‘kka yetdi, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bu kampir ikkovimizning umrimizda olgan eng ulug‘ sovg‘a bo‘ldi. Ha, o‘zini bilgan odamga bundan ortiq e'tibor, bundan ortiq g‘amxo‘rlik bo‘lmaydi-da. Bundan faxrlanaman. Oldingi tuzumda davlat rahbari oddiy qishloq uyiga kirib, hol-ahvol so‘raganmi? Mashina sovg‘a qilishni-ku aytmasayam bo‘ladi. Bugun bolalarim, nevara, chevaralarimning to‘kin, baxtli hayot kechirayotganini ko‘rib, beixtiyor bolaligimni, beshafqat ocharchilik yillarini eslayman. Halol mehnat, yurtimizdagi mehr-oqibat, yoshu keksaga ko‘rsatilayotgan hurmat-e'tibordan suyunaman. Ilohim, jannatmonand yurtimizda tinchlik, to‘kin-sochinlik, obodlik abadiy bo‘lsin!
Mavzuga oid
16:35 / 26.11.2024
Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortildi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
11:53 / 13.11.2024