Jahon | 20:18 / 26.02.2017
5618
2 daqiqa o‘qiladi

Misrdan har yili minglab qadimiy buyumlarning olib chiqib ketilishi oldi olinmoqda

Misrdan har yili tarixiy va madaniy qiymatga ega bo‘lgan 3 mingga yaqin buyumni noqonuniy ravishda olib chiqib ketishga harakat qilinmoqda. Bu haqda Misrning qadimiyliklar bo‘yicha vaziri Xolid al-Ananiy ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, u boshchilik qiladigan vazirlik qolgan tuzilmalar bilan birgalikda "har yili Misrdan turli yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan madaniy, arxitekturaviy va tarixiy qiymatga ega bo‘lgan 2 mingdan 3 minggacha buyumning olib chiqib ketilishining oldini oladi". Al-Ananiyning ta'kidlashicha, hukumat doimiy asosda mamlakatdan tarixiy buyumlarning noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha ishlar olib boradi. Bu buyumlarni belgilangan o‘tkazish punktlarini chetlab o‘tgan holda xorijga samolyot, dengiz va quruqlikdagi transport vositalari yordamida olib chiqib ketishga harakat qilinadi. 

Qohirada joylashgan Misr milliy muzeyida oxirgi vaqt bojxona xizmatlari tomonidan musodara qilingan, mamlakatga xorijdan qaytarilgan, jinoyatchilardan tortib olingan buyumlarning katta  ekspozitsiyasi ochilgan. Bu yerda Misr jamiyati rivojlanishining deyarli barcha bosqichlarini aks ettiruvchi qadimiy asori-atiqalar namoyish qilingan.

Oxirgi vaqtda Misrdan olib chiqib ketilmoqchi bo‘lgan qadimiy buyumlar bilan bog‘liq shov-shuvli voqea Qohiraning "Ar-Rifaiy" masjididan bir necha shamchiroqning o‘g‘irlanishi bo‘lgan. Yanvar boshida bu masjiddan Qur'ondan oyatlar bilan bezalgan 6 ta noyob shamchiroq o‘g‘irlangan. Bu buyumlar 20-asr boshida yaratilgan bo‘lib, katta badiiy qiymatga ega bo‘lgan. Sayyohlik politsiyasi jinoyatchilar iziga tushib, ulardan islom madaniyatiga tegishli bu buyumlarni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.     

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid