O‘zbekiston | 15:33 / 28.02.2017
50004
14 daqiqa o‘qiladi

Kollejlarda davomat muammosi: Diplom bor-u ish yo‘q (2-qism)

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muxbirlari ta'lim maskanlarida, jumladan, kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifati va davomat holatini o‘rgandi. Tayyorlangan material «Kun.uz» saytida ikki qismda berilmoqda.

Kollejlarda davomat muammosi: Kim aybdor? (1-qism) 

Diplom bor-u ish yo‘q
Kasb-hunar egallagan yoshlarning o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda aynan egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ish topish imkoniyati ham o‘rganildi. Qayd etish kerakki, bu masalaning ham og‘riqli ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bitiruvchilarni ishga joylashtirish borasida ko‘plab ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, ayrim joylarda bu ishga xo‘jako‘rsin qabilida yondashilayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, Oqdaryo politexnika kollejida bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanish darajasi 20 foizni tashkil etadi. Hududda mazkur yo‘nalishda mehnat qilish imkoniyatini beruvchi korxonaning o‘zi yo‘q.

«Dilorom» MFYga bordim, biron tashkilot bilan shartnoma tuzish imkoni bo‘lmadi. Akam ham shu kollejni bitirgan, ammo ko‘p yillardan buyon ishsiz», — deydi mazkur kollejning «Buxgalteriya» yo‘nalishi 3-bosqich o‘quvchisi Gulbahor Murodova.

Kollej direktorining ishlab chiqarish ta'limi bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Sulaymonovning ma'lumot berishicha, tumandagi «Yagona darcha», Agrobank, Xalq banki, Milliy bank, gaz va elektr tarmoqlari singari ko‘plab idoralar rahbarlari to‘rt tomonlama shartnomalar tuzishda turli bahonalarni ro‘kach qilib kelishmoqda. Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida veterinariya, tikuv va tikuv-trikotaj buyumlari ishlab chiqarish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash hamda fermer xo‘jaliklari kabi yo‘nalishlarda o‘qitilsa-da, ammo hududda ushbu yo‘nalishlarning aksariyati uchun ish o‘rinlari mavjud emas. Tuzilgan to‘rt tomonlama shartnomalar ham qog‘ozda qolib ketmoqda.

Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialini har yili 50-60 nafar o‘quvchi tamomlaydi, bitiruvchilarning ixtisoslik bo‘yicha ishga joylashish imkoni esa yo‘q.

Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida sobiq o‘quvchilarning ish bilan ta'minlanmagani o‘quvchilarda ikkilanishni yuzaga keltirayotgani tabiiy.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: hududlarda kollejlarning ixtisoslashuvi yo‘nalishlar bo‘yicha rejalashtirilayotganda o‘sha yerda mazkur kasblarga bo‘lgan ehtiyoj qay darajada o‘rganiladi? Talab bo‘lmagan kasb-hunarni o‘rgangan bitiruvchi dodini kimga aytishi kerak?

Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida bevosita bandlik masalasiga taalluqli bir misol: O‘tgan o‘quv yili yakunida 30 nafar bitiruvchi o‘z biznes g‘oyasini o‘rtaga tashlab, tijorat banklariga imtiyozli kredit olish uchun murojaat qilgan. Sansalorlik, beparvolik, ortiqcha qog‘ozbozlik natijasida faqat bir nafar bitiruvchi 6,5 mln so‘m kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, xolos. Ikki nafar bitiruvchi yaqinlarining ko‘magida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshlagan. Qolganlar-chi?

Xulosa shuki, bu borada bandlik hamda joylarda ish o‘rinlariga bo‘lgan talab masalasida jiddiy monitoring olib borilmayapti.

Hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, istiqbolli sohalarni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti. Ko‘plab sanoat korxonalari, agrofirmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ham davlat tomonidan alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu esa ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirlayapti. Kasb-hunar kollejlariga yo‘nalishlar yangiliklardan kelib chiqqan holda  belgilab berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ayrim kollejlarda belgilangan kvota o‘rnidan ko‘proq, boshqalarida esa, aksincha kamroq o‘quvchi ta'lim olayotgan holatlar ham kuzatildi. Masalan, Chust qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida joriy yilda belgilangan 420 kvota o‘rniga 476 nafar o‘quvchi 1-bosqichda o‘qishni boshlagan. Andijon tuman sanoat-energetika kasb-hunar kolleji 720 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ayni paytda 1068 nafar o‘quvchi qatnamoqda.

Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejida mo‘ljaldagi 615 nafar o‘rniga 480 nafar yoki 450 nafar o‘quvchiga mo‘ljallab qurilgan Galaosiyo iqtisodiyot kasb-hunar kollejida 407 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu holat ham jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala. Chunki, zo‘rma-zo‘rakilik, masalan, 30 o‘rniga 50 o‘quvchini majburlab o‘qitish ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlashda ham ortiqcha muammolarga sabab bo‘ladi.

«Saroy» pechlari yoxud sovuqqotganida kalla ishlaydimi?
Kollejlardagi sharoitlar, xususan, qish-qirovli kunlarda ulardagi isitishning ahvoli ham nazoratdan chetda qolmadi. Chunki bu holatlar ham bevosita davomatga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ya'ni, qish kunlari ota-onalar farzandining kasal bo‘lib qolishidan cho‘chib, kollejga yubormaslikni ma'qul ko‘rishmoqda.

Misollar. Shovot yengil sanoat kasb-hunar kollejida xonalar sovuq, chunki elektr deyarli bo‘lmagani sababli binoni isitishning iloji yo‘q. O‘qituvchi va o‘quvchilar qalin kiyimlarda yurishga majbur. Bu esa shamollash, gripp kabi kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lib, davomatga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Darvoqe, mavjud kompyuterlar, tikuv dastgohlari elektr yo‘qligi uchun o‘qsiz qurolday bekor turibdi.

Kitob kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining Saroy filialida ham isitishning holiga, ta'bir joiz bo‘lsa, "maymunlar aza ochgan". Ikki-uchta xona qo‘lbola pech yordamida ko‘mir bilan isitiladi, xolos.

Yangiyo‘l qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida isitish tizimi umuman ishlamaydi. Bu kabi muammolar Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish, Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish, Qo‘shko‘pir qurilish va transport, Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik, Xo‘jayli yengil sanoat, Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis, Galaosiyo iqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida ham "mana men deb bo‘y cho‘zib turibdi".

Ayrim kollejlar yonidagi yotoqxonalar bilan tanishilganda ham qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejidagi 50 o‘rinli yotoqxonada 16 nafar o‘quvchi turadi. Ammo bir qavatli mazkur binoga suv tashqaridan tashib keltiriladi, yuvinish xonalari bor-u, suvning o‘zi yo‘q. Mirzaobod xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 200 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonasiga 110 nafar bola joylashgan. Yotoqxonada kanalizatsiya tizimi, issiq va sovuq suv umuman yo‘q.

Kitoblarni kim o‘qiydi?
Yana bir gap. Kollejlar kasb-hunar o‘rgatadigan dargohgina emas, balki ma'naviyat maskani ham demakdir. Bu yerda o‘quvchilar ta'lim olish barobarida o‘z ma'naviy olamini, dunyoqarashini ham boyitib boradi. Bu o‘rinda Axborot-resurs markazlari alohida ahamiyatga ega. Agar ARMlarda kitob­lar yetarli bo‘lsa, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilsa, o‘qituvchi va o‘quvchilar saviyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi, shubhasiz. Xo‘sh, bu borada vaziyat qanday?

O‘rganilgan kollejlarning aksariyatida ARM faoliyati nisbatan qoniqarli. Viloyat bo‘yicha muxbirning qayd etishicha, Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish kolleji kutubxonasi kompyuterlar bilan jihozlangan, internetga ulangan, kitob fondi yaxshi.

Ammo ayrim kollejlardagi ARMlar faoliyati o‘quvchilar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sarvinoz Rahmonberdiyeva shunday deydi: «Kutubxona faoliyati bizni qoniqtirmayapti. Bizga faqat darsliklar beriladi, badiiy kitoblarni esa, negadir, qizg‘onishadi. Ustiga ustak, kutubxona aksariyat hollarda berk bo‘ladi» .

Kitoblar o‘quvchilarning foydalanishi uchun emasmi? Aslida, kollejlardagi ARMlar imkoniyatidan nafaqat kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari, balki o‘sha hududda istiqomat qilayotgan aholi ham foydalanishi mumkin-ku! Shu bois ARMlarning yopiq turishi achinarli hol. Chust qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejidagi ARMning mavjud darsliklar bilan ta'minlanish darajasi qoniqarli, ammo badiiy adabiyotlar, xususan, yangi alifbodagi kitoblar kam. Umumiy badiiy adabiyot 986 nusxada. ARMdan kollej o‘quvchilaridan tashqari hududning 2000 ga yaqin aholisi ham foydalanishi mo‘ljallangan. Demak, badiiy adabiyotga ehtiyoj qondirilishi uchun izlanish talab etiladi.

Qo‘rqqan — oldin musht ko‘tarar
Shu o‘rinda qiziq bir vaziyatga to‘xtalsak. 14 fevral kuni hududlardagi kollejlar bilan tanishuv jarayonida muxbirlarni kollejlarga kiritmaslik, ularga qo‘pol muomalada bo‘lish holatlari ham kuzatilgan. Jumladan, Navoiy viloyati bo‘yicha muxbir Dilafro‘z O‘rozovaga viloyatdagi «Istiqlol» sanoat kasb-hunar kolleji faoliyati bilan tanishishga imkon berilmay, ishlab chiqarish ta'limi ustasi Komil Umarov: «Sizga ruxsat yo‘q, tezroq chiqib keting», tarzida unga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Jizzax viloyati bo‘yicha muxbir Abdumannop Azimovning Jizzax tumani «Ittifoq» ijtimoiy-iqtisodiyot va bank kolleji faoliyati bilan tanishishiga kollej direktori o‘rinbosari Jo‘mard Akbo‘tayev qat'iy ravishda qarshilik qilgan.

«Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida: «Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘zining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonun hujjatlari bilan, shuningdek hujjatlar, qarorlar va bosh­qa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburdir», deya mustahkamlab qo‘yilganidan kollej mutasaddilari bexabarmi?

Ushbu kollejlarda muammo va kamchiliklar yetarli va bu holat ma'muriyat tomonidan zo‘r berib xaspo‘shlashga urinilmoqda. Buni boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

Farzand, o‘quvchi, fuqaro…
Farzand ota-onaning bebaho boyligi, uning kelajagi, tarbiyasi, hayotda o‘rnini topishida ota-ona kamarbas­ta, duogo‘y va eng birinchi mas'ul ham.

O‘sha farzand ta'lim maskanining o‘quvchisi, uning ta'lim olishi, jamiyat uchun kerakli inson bo‘lib voyaga yetishida ma'rifat o‘chog‘ining javobgarligi, roli, ahamiyati beqiyos.

O‘sha farzand va o‘quvchi fuqaro hamdir. Uning jamiyatdagi ishtiroki qay yo‘sinda shakllanyapti, ertangi kuni qanday bo‘lishi mumkin, degan savolga jamiyat va davlat, yoinki davlat va jamoat tashkilotlari mas'ul. Demak, har bir bolaning istiqbolida hammaning o‘z o‘rni, mas'uliyati bor.

Davomatning tagzaminida, eng avvalo, beparvolik yotibdi. Aks holda, ism-familiyasi kollej ro‘yxatida bor tolibi ilmlarning qay bir yurtlarda yurganini qanday tushunish mumkin? Ular o‘zi aslida nima bilan bandlar? Bunga aniq-tiniq javob ham yo‘q.

Shu o‘rinda quyidagi faktlarga e'tibor qaratilsa: 2017 yil 14-15 fevral kunlari muxbirlar tomonidan o‘rganilgan kollejlarda 10600 nafardan ortiq o‘quvchidan 2300 nafardan ziyodi darslarga qatnashmagan. Ular orasida Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda yurganlar ham bor.

Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, muntazam kelmaydigan 25 nafar o‘quvchining biri Rossiyada, 7 nafari Toshkent shahrida. Kogon qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish, Andijon tuman sanoat-energetika, Galaosiyo iqtisodiyot, Xonqa pedagogika va sport, Chiroqchi tuman qurilish kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasida ham Rossiya va Qozog‘istonda yurganlar mavjud…

Oila a'zolari moddiy yetishmovchilikni bahona qilib, farzandimni ishlashga yuborganman, deb tursa, kollej mas'uliyatni ota-onaga yuklasa, mahalla ko‘ra bila turib, ko‘rmaslikka olsa…

Xulosa o‘rnida…

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, jumladan, kasaba uyushma tashkilotlari, xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» jamoat fondi, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati olis hududlardagi xonadonlarda bo‘lib, muloqotlar olib borish asnosida ijtimoiy obektlar, chunonchi, kasb-hunar kollejlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar. Aniqlangan kamchiliklarni hal etish borasida tizimli chora-tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.

Haqiqat shuki, ta'lim olayotgan o‘quvchilar barchaning farzandlari, ular taqdiriga, kelajagiga befarq bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Mavzuga oid