Light | 15:37 / 02.03.2017
21543
8 daqiqa o‘qiladi

Yerda topilgan eng yirik olti meteorit tarixi

Yer tomon qulaydigan, tabiiy kelib chiqishga ega koinot jinslari ko‘pincha atmosferaning o‘zidayoq yo‘q bo‘lib ketadi. Biroq atmosfera faoliyati ham izdan chiqib, Yergacha tushgan yirik koinot jismlari ham mavjud. Ba'zi kosmik jinslar Yer yuzasiga tushib, ming yillar davomida e'tiborsiz qolib ketishi mumkin. Biroq oxir-oqibat ularning ham "soati" keladi. Hi-News nashrida shu mavzudagi maqola taqdim etildi.

Katta hajmdagi kosmik qoyalar asteroidlar deb ataladi. Bu jinslar Yer uchun meteorit va meteoroidlardan kattaroq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pchilik 65 million yil ilgari yashagan dinozavrlar to‘satdan yo‘q bo‘lgani haqidagi hikoyalarni eshitgan. Aytishlaricha, bu ana shunday kosmik jinslarning qulashi natijasi hisoblanadi. 2013 yilda ham xuddi shunday hodisa ro‘y berishi mumkin edi, biroq bizning omadimiz kelib, 2012 DA14 kosmik obekti  27 743 kilometr masofada sayyoramizdan uzoqlashgan. 

Bugun bizning sayyoramizga tushgan va saqlanib qolgan eng yirik kosmik toshlar "oltiligi"ni ko‘rib chiqamiz.

 

Uillamett

1911 yilda Nyu-Yorkdagi Amerika tabiiy tarixi muzeyida olingan meteorit surati

Uillamett AQSh hududida topilgan eng yirik meteorit hisoblanadi. Uning og‘irligi 15,5 tonnadan ortiqni tashkil qiladi, hajmi esa - 7,8 kvadrat metr atrofida. Uillamett asosan temir va nikeldan tashkil topgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, u taxminan 1 milliard yil ilgari Yerga tushgan.

Meteoritning tarixi qiziq. U 1902 yilda uelslik emigrant va konchi Ellis Hyuz tomonidan topilgan. U topilmani o‘z yeriga yetkazishi uchun uch oy vaqt sarfladi. Shundan keyin u 25 sent evaziga toshni ko‘rishga kelgan ziyoratchilarni qabul qila boshladi. Biroq bu ishi tezda fosh bo‘lib, meteoritga egalik qilish huquqi Oregon po‘lat kompaniyasiga o‘tdi.

1905 yilda meteorit 26 ming dollar evaziga xususiy shaxs tomonidan sotib olindi va 1906 yilda Nyu-Yorkdagi Amerika tabiiy tarix muzeyiga sovg‘a qilindi. U bugungi kunda ham o‘sha yerda joylashgan. Meteorit muzeyga yetkazilganidan keyin Oregon shtati hindulari meteoritga da'vogarlik qilishdi. Ular meteorit ularning o‘ziga xos diniy totemi bo‘lib qolgani va uning har yili o‘tkaziladigan marosim uchun zarurligini ta'kidlashdi. Biroq bu vaqtga kelib, meteoritning atrofida muzeyning asosiy inshooti qurilgan bo‘lib, uning devorlarini buzmasdan olib chiqish imkoni yo‘q edi. Oxir-oqibat tomonlar yilda bir marta hindular qabilasi a'zolariga o‘z marosimlarini muzeyda o‘tkazishga ruxsat berishga kelishib olishdi.

 

Mbozi

Mbozi meteoriti 1930 yilda Tanzaniyada topilgan. Uning hajmi 3 metr bo‘lib, og‘irligi 25 tonnani tashkil qiladi, ya'ni u Uillamettadan deyarli ikki barobar og‘ir. Mbozi Tanzaniya aholisi uchun muqaddas tosh hisoblanadi, ular bu toshni "kimondo" deb atashadi.

Shunisi qiziqki, Mbozining atrofida krater topilmagan. Mbozi topilganida u qisman yerga ko‘milgan holatda bo‘lgan, shuning uchun odamlar avval uning atrofini qazib olishgan.

Tahlillar Mbozining 90 foiz temirdan iboratligini ko‘rsatgan. Uning tarkibi 8 foizga nikeldan tashkil topgan. Qolgani esa - oltingugurt, mis va fosfor. Taxminlarga ko‘ra, bu meteorit Yerga bir necha ming yillar avval tushgan, biroq olimlar unda shuncha vaqt davomida nurash yoki eroziya kuzatilmaganligidan ajablanishadi. Olimlar shuningdek uning atmosferada yonib ketmaganiga ulkan hajmi sabab ekanini aytishgan.

 

Mis York

Mis York meteoriti Yer yuzida topilgan uchinchi eng yirik meteorit hisoblanadi. U bizning sayyoramizga 10 000 yil avval kelib tushgan. Uning eng katta - 31 tonnali bo‘lagi Grenlandiya orolidan topilgan va shu hudud nomi bilan atala boshlangan. Uning hajmi -  3,4 x 2,1 x 1,7 m. Undan uzoq bo‘lmagan joylarda 3 tonna va 400 kilogrammli yana ikki bo‘lak. Meteoritning umumiy og‘irligi taxminan 58,2 tonnani tashkil etadi.

Ushbu meteorit haqida ilk marta 1818 yilda ma'lumot berilgan. Shimoliy dengiz yo‘lini izlashga yo‘l olgan shotlandiyalik dengiz sayyohi Jon Ross metallni qayta ishlashni bilmaydigan eskimoslarning nayza va pichoqlardan foydalanganiga ajablangan. Eskimoslar metall manbai qandaydir "metall tog‘" ekanini aytishgan.  O‘zi bilan Angliyaga olib ketgan predmetlar tahlili ular tarkibida yuqori konsentratsiyadagi (Yer yuzidagi barcha tabiiy manbalardan yuqoriroq) nikelning mavjudligini ko‘rsatgan.

Meteorit fragmentlaridan biri - Anigito. Yonida eskimos

Ko‘p sonli urinishlarga qaramay, 1894 yilga qadar meteoritning qulagan joyini topa olishmagan. Amerikalik dengizchi va tadqiqotchi Robert Piri jasur eskimos kuzatuvchisi yordamida kerakli joyga chiqqan va biryo‘la uch bo‘lakni topgan. Keyinroq ular kemalar yordamida Amerika tabiiy tarix muzeyiga keltirilgan.

Meteortining qolgan qismlari, shu jumladan Agpalilik nomini olgan 20 tonnali fragmenti 1911-1984 yillarda topilgan. Hozirda meteorit Kopengagen Geologiya muzeyi eksponati hisoblanadi.

 

Bakubirito

Meksikada topilgan meteoritlarning eng yirigi. U taxminan Agpalilik bilan bir xil og‘irlikka ega - 20-22 tonna atrofida. Hajmi esa - 4,25 x, 2 x 1,75 m. Meteorit asosan temirdan iborat.

Bakubirito 1893 yilda geolog Gilbert Ellis Beyli tomonidan topilgan. U Chikagoda chop etiluvchi «Interocean to Central and South America» jurnali topshirig‘i bilan Meksikaga borgan va mahalliy aholi yordamida meteoritni topgan. Hozirda u Centro de Ciencias de Sinaloa ilm-fan markazida joylashgan.

 

El Chako

El Chako Yer yuzida topilgan ikkinchi eng yirik meteorit hisoblanadi. Uning og‘irligi Bakubirito meteoritidan deyarli ikki barobar ko‘p. Shunisi qiziqki, El Chako Campo del Cielo nomini olgan meteortilarning fragmentlaridan biridir. Ular Argentinada 60 kvadrat kilometr maydonda krater hosil bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.

El Chakoning og‘irligi 37 tonnani tashkil qiladi. U 1969 yilda topilgan. U Yer ostida bo‘lgani bois metall detektor orqali aniqlangan.

2016 yilda shu joy yaqinida yana bir, 31 tonnali meteorit topildi. U ham El Chakoning bir fragmenti hisoblanadi.

 

Goba

Yerda topilgan meteortilarning eng yirigi - Goba. U 1920 yilda Namibiyada  yer haydayotgan fermer egasi tomonidan topilgan. O‘sha vaqtdan buyon u hech qayerga ko‘chirib ham o‘tkazilmagan.

Gobaning og‘irligi El Chakonikidan deyarli ikki barobarga ko‘p bo‘lib, 66 tonnaga yaqindir. Ma'lumotlarga ko‘ra, u 80 000 yil ilgari Yerga tushgan. Nazariyalardan biriga ko‘ra, meteorit qulaganda o‘z shakli tufayli yer ostiga kirib ketgan.

Goba tabiiy kelib chiqishga ega eng yirik temir bo‘lagi hisoblanadi. Uning hajmi 9 kub metrni tashkil qiladi. Bu meteorit 1955 yilda Janubi-G‘arbiy Afrika hukumati tomonidan milliy meros deb e'lon qilingan. 80-yillarda meteorit va u joylashgan yer davlatga hadya qilingan. O‘shandan buyon bu joy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib keladi.

Mavzuga oid