Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
124 yillik inglizcha «klasiko», Rimdagi gladiatorlar jangi va uik-endning boshqa eng asosiy uchrashuvlari haqida
Martning dastlabki dam olish kunlarida Yevropa miqyosidagi chempionatlarda bir qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Gollar shousini taqdim etishi bilan ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib keladigan «Liverpul» va «Arsenal» o‘rtasidagi uchrashuvning o‘zi buni isbotlab turibdi. Tribuna.Uz shu kabi muhim o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Liverpul – Arsenal (4 mart, 22:30, UzReport, Match! Futbol 1)

Angliya premer-ligasining 27-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuv so‘zsiz «Enfild»da bo‘lib o‘tadi. 2017 yilni muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan «Liverpul» «Arsenal»ni qabul qiladi. YeChL yo‘llanmasi uchun kechayotgan murosasiz kurashda bu qarama-qarshilik hal qiluvchi uchrashuvlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Bo‘lajak uchrashuv jamoalarning 222 to‘qnashuvi bo‘ladi. Ikki jamoa o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tganiga joriy yilda 124 yil to‘ladi. 1893 yilning oktabrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mersisaydliklar 5:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Umuman olganda bu ikki jamoaning uchrashuvlarida «Liverpul» 84ta g‘alabaga erishgan, 78 uchrashuvda «kanonirlar»ning qo‘li baland kelgan. 59 uchrashuv durang natija bilan tugagan. To‘plar nisbati ham liverpulliklar foydasiga: 312-287.
Ikkala jamoa o‘rtasidagi ushbu mavsumgacha bo‘lgan so‘nggi 5ta uchrashuvda faqat bir marta g‘olib aniqlangandi («Arsenal» o‘z uyida g‘alaba qozongan 4:1). Ushbu mavsumdagi birinchi, dramatik uchrashuvda «Liverpul» 4:3 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytgandi. Ammo «Liverpul» o‘z uyida o‘tgan so‘nggi 8 uchrashuvda bir martagina «Arsenal»dan ustun kelgan — 3 durang 4ta mag‘lubiyat. So‘nggi marta «Enfild»da mersisaydliklar uch yil muqaddam g‘alaba qozongan.
Yo‘qotishlar
«Liverpul» tarkibida Jordan Henderson jarohat olib uzoq muddatga safdan chiqdi. Leyan Lovrenning ham uchrashuvda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. Starridjning maydonga tusha olmasligi esa hozirgi Klopp jamoasi uchun muhim rol o‘ynamasligi mumkin.
Roma – Napoli (4 mart, 19:00, Sport, Match! Futbol 2)

Yevropa chempionlar ligasi uchun kechayotgan murosasiz kurashda «Napoli» umid saqlab qolishi uchun «Roma» uyida ochko yo‘qotmasligi kerak. Rimliklar esa «Yuventus» bilan yetti ochkolik farqni yo‘qotish va «Napoli» bilan oradagi farqni 8tagacha oshirish imkoniyatidan foydalanib qolishga harakat qiladi. Uyda qozonilgan g‘alaba Spalletti jamoasini eng kamida ikkinchi o‘rinda xotirjam qolishiga yordam berishi tayin.
«Bo‘rilar» o‘z uyida o‘tkazilgan so‘nggi 12 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. Ikkala jamoa o‘rtasida Rimda kechgan so‘nggi beshta uchrashuvning barchasida «Roma» g‘alaba qozongan. Undan oldingi uchrashuvda esa durang qayd etilgan. So‘nggi marta «Napoli» bundan olti yil muqaddam «Roma»ni mehmonda mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lgan. Bungacha esa neapolliklarning Rimdagi so‘nggi g‘alabasi 1993 yilga to‘g‘ri keladi.
Yo‘qotishlar
«Napoli» tarkibida Allan maydonga tusha olmaydi. Rimliklar tarkibida esa hozircha bu kabi muammolar kuzatilayotgani yo‘q. Spalletti bu uchrashuvda hozirgi kundagi eng kuchli tarkibini maydonga tushirishi kutilmoqda.
Kyoln – Bavariya (4 mart, 19:30, Match! Futbol 3)

«Kyoln» 2016 yil apreldan buyon «Bavariya» yutqazmayapti. Jamoalarning birinchi davrada Myunxenda kechgan uchrashuvida durang qayd etilgani ham bu uchrashuvni qanchalik muhim ekanini ko‘rsatib beradi. «Bavariya» «Leyptsig»ning navbatdagi qoqilishidan foydalanib qolishi mumkin. «Kyoln» esa yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirishi uchun bu uchrashuvda g‘alaba qozonishi kerak
Ikkala jamoaning Kyolnda kechgan so‘nggi beshta uchrashuvida «Bavariya» uch marta g‘alaba qozongan. So‘nggi marta «Kyoln» o‘z uyida 2011 yil fevralda «Bavariya»dan ustun kelgan. Jamoa bungacha «Bavariya»ni faqatgina 1995 yildagina o‘z uyidan quruq qo‘l bilan qaytishiga sababchi bo‘la olgan xolos.
Yo‘qotishlar
«Bavariya» tarkibida hamon Boateng maydonga tusha olmayapti. Uzoq vaqtlik tanaffusdan so‘ng esa Frank Riberi yana safga qaytishi mumkin bo‘ladi. «Kyoln»da esa hozircha bunday muammolar kuzatilmayapti.
Barselona – Selta (5 martga o‘tar kechasi, 00:45, UzReport)

«Barselona» va «Selta» o‘rtasidagi uchrashuvlar hech qachon zerikarli o‘tmagan. Buning uchun birinchi davradagi uchrashuvni eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vigoda kechgan uchrashuvda mezbonlar 4:3 hisobida g‘alaba qozongandi. «Barselona» so‘nggi ikki uchrashuvdan buyon Vigoda aynan to‘rttadan gol o‘tkazib yubormoqda. Chempionlik uchun murosasiz kurash boshlangan paytda Enrike uchun sobiq jamoasi ustidan g‘alaba qozonish juda muhim.
Ikkala jamoaning Kataloniyada kechgan 2014 yildagi to‘qnashuvida «Selta» kuchli raqibini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan. Bu Enrikening trebl qilgan mavsumiga to‘g‘ri kelgani yanada e'tiborga molik. Umuman o‘sha uchrashuvgacha bo‘lgan Kataloniyada kechgan so‘nggi 9 uchrashuvning 4tasida «Barselona» «Selta»ni mag‘lubiyatga uchrata olmagan.
Yo‘qotishlar
«Barselona» tarkibida Aleish Vidal mavsum so‘nggiga qadar maydonga tusha olmaydi. Jyeremi Matyo ham endilikda bir qancha muddatga jamoaga yordam bera olmaydi. Arda Turanning maydonga tushishi ham so‘roq ostida qolmoqda. Biroq Xaver Maskeranoning qaytishi tig‘iz taqvim vaqtida kataloniyaliklar uchun juda yaxshi yangilik deyishimiz mumkin.
Tottenhem – Everton (5 mart, 18:30, UzReport, Match! Futbol 1)

«Barselona»ni boshqarishga da'vogar ikki murabbiy o‘rtasidagi to‘qnashuv bu safar Londonda bo‘lib o‘tadi. «Tottenhem» Yevropa Ligasidan chiqib ketgach, bor e'tiborini chempionat va kubok bahslariga qaratgan. Hozirda Pochettino shogirdlari turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. YeChL yo‘llanmasi uchun kechayotgan aqlbovar qilmas kurashda londonliklar bugun jamoa g‘alaba qozonishi shart bo‘ladi. Ronald Kuman boshchiligidagi «Everton» esa yevrokuboklarda ishtirok etishi uchun aynan shu kabi qiyin uchrashuvlarni ham o‘z foydasiga hal qilishi kerak bo‘ladi
«Tottenhem» o‘z uyida kechgan 13 uchrashuvda hali mag‘lubiyatga uchramagan 11 g‘alaba va ikki durang. O‘z navbatida «Everton» ham chempionatdagi so‘nggi 9 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jamoa mehmonda kechgan uchrashuvlarda so‘nggi marta 2016 yilning 10 dekabrida mag‘lubiyatga uchragan. Undan keyin o‘tkazilgan beshta uchrashuvdan buyon jamoa hech bo‘lmasa bir ochkoni qo‘lga kiritib ortga qaytmoqda.
«Tottenhem» «Everton»ga so‘nggi marta 2012 yilning dekabrida mag‘lubiyatga uchragan. Jamoalarning so‘nggi uch uchrashuv faqat durang bilan tugagan. «Everton» so‘nggi marta Londonda 2008 yilning noyabrida g‘alaba bilan qaytgan. Undan keyin o‘tkazilgan sakkizta uchrashuvdan buyon liverpulliklar bu vazifani uddalay olishmayapti.
Yo‘qotishlar
«Tottenhem» tarkibida Tobi Alderveyreld va Denni Rouzning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Asosiy tarkibning qolgan chiziqlarida eng kuchli futbolchilar tushishi kutiloqda. «Everton» esa Yannik Bolazining uzoq muddatga yo‘qotganini hisobga olmasa barchasi joyida.
Zenit – TsSKA (18:00, Match TV)
Qishki tanaffusdan so‘ng start olgan Rossiya chempionati yangi yildagi ilk turdanoq markaziy uchrashuvni bizga taqdim etadi. So‘nggi yillarda mamlakat chempionligini ketma-ket qo‘lga kiritayotgan bu ikki jamoa o‘rtasidagi bahs bu safar chempionlik kurashi deb bo‘lmaydi. Sababi hozirda «Spartak» chempionatda yetakchilik qilmoqda. Ularni ta'qib qilish uchun esa bu ikki jamoa kurash olib boradi.
TsSKA so‘nggi to‘rt uchrashuvdan buyon o‘z uyida «Zenit»ni mag‘lubiyatga uchrata olmayapti. Umuman olganda TsSKA Moskvada kechgan so‘nggi 11 uchrashuvda faqatgina 2 marta g‘alaba qozona olgan xolos. Ammo jamoalarning birinchi davrada Sankt-Peterburgda kechgan uchrashuvida g‘olib nomi aniqlanmagan.
Bonus
Bu hafta qiziqarli uchrashuvlarga boy o‘tadi. Yuqorida biz sanab o‘tgan uchrashuvlardan tashqari Ispaniya chempionatida «Atletiko» – «Valensiya», Rossiya chempionati doirasidagi «Krasnodar» – «Spartak», Bundesliganing doimiy qarama-qarshiliklaridan biri «Borussiya» D va «Bayyer» uchrashuvlarini ham shular qatoriga qo‘shish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, martning dastlabki dam olish kunlarni muxlislarni zeriktirib qo‘ymasligiga kafolat beramiz.
Mavzuga oid
09:36 / 27.05.2025
Shimoliy Yevropa davlatlari Rossiya tomonidan xavfni ko‘rmoqda
17:42 / 24.05.2025
Muhammad Saloh faoliyatida ikkinchi marta APL eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
12:24 / 22.05.2025
Lavrov Yevropani AQShga sanksiyalarni kuchaytirish uchun bosim o‘tkazishda aybladi
14:23 / 17.05.2025