Jahon | 18:21 / 05.03.2017
18364
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil bosh vaziri Moskvaga borib, Putindan Eron Suriyada nima qilayotganini so‘ramoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 mart kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan Moskvada uchrashadi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati rasman ma'lum qildi.

«Ha», — deya javob bergan Dmitriy Peskov shu haqdagi savolga javoban.

Shu bilan birga u Moskvada uch tomonlama, ya'ni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokidagi uchrashuv o‘tkazilishi ehtimolini rad qilgan.

RIA Novosti agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Moskvaga tashrifi davomida Netanyahu Suriya masalasini muhokama qilib, bu mintaqada Eron qanday vazifani bajarayotganini aniqlab olmoqchi. Isroil bosh vaziri Eronning Suriyada mavqeini mustahkamlab olayotganidan tashvish bildirmoqda.

«Men Isroil bunga toqat qila olmasligini bildirmoqchiman. Umid qilamanki, biz bu borada bir fikrga kela olamiz», — degan Netanyahu.

Rossiya va Isroil rahbarlari Suriya masalasi xususida oxirgi bor 2016 yilning dekabrida muhokama o‘tkazishgandi. Uning yakunida Netanyahu agar Eron Suriyadan Isroilga hujum qilishda foydalanmasa, isroilliklar Suriyadagi jarayonga aralashmasligiga va'da qilgandi.

Isroil doimiy ravishda Suriya hududiga artilleriya va aviatsiya orqali zarbalar berib kelmoqda. Bundan maqsad hududdagi «Hezbolloh» harakatiga zarar yetkazish hisoblanadi. Rasmiy Tel-Aviv bu tashkilotni terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi, ammo «Hezbolloh» askarlari ayni vaqtda Suriya hukumatiga muxolif kuchlar bilan kurashishda yordam ko‘rsatmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid