Jahon | 07:50 / 05.03.2017
7240
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyalikning Tailanddagi "sarguzashtlari": bomba haqidagi hazil keksa erkakka "qimmatga tushdi"

Foto: © Flickr/ vscript

Italiyalik keksa yoshli sayyoh Tailandning Pxuket shahri aeroportida bomba haqida qilgan hazili sabab 3 ming yevro jarima to‘lashi va mamlakatda bir necha kun qolib ketishi, jumladan turmada o‘tirishiga to‘g‘ri keldi, deb xabar bermoqda Italiya OAV.       

Italiya matbuotining ta'kidlashicha, 20 fevralda Tailanddagi hordiqdan keyin uyiga qaytayotgan 70 yoshli Jorjo Paskuinuchchining bojxona nazoratidan o‘tayotganda "menda bomba yo‘g‘-ye" degan hazil iborasini italyanchani bilmagan ayol politsiyachi tomonidan "bomba" deb qabul qilingan. Politsiyachi shundan keyin hamkasblarini bu haqda xabardor qilgan. Natijada keksa erkak samolyot o‘rindig‘ida o‘tirishi o‘rniga oddiy sharoitlar ham bo‘lmagan turmada o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan.     

"Men polda uxlashimga to‘g‘ri keldi. Kamerada hamisha neon rangdagi chiroq yoqiq turardi. Unitaz o‘rniga esa polda teshik o‘yilgan bo‘lib, uning oldida suv solingan ko‘za turardi", deb eslamoqda erkak.

Pensionerning Pxuketdagi "sayohati" birgina hazili deb cho‘zilib ketdi. U garov puli to‘lab, turmadan mehmonxonaga o‘tgach, yana bir hafta sud qarorini kutishiga to‘g‘ri kelgan.

Unga 2 yillik qamoq jazosi xavf solgan, biroq advokat maslahatiga ko‘ra Paskuinuchchi o‘z aybini tan olib, 3 ming yevro jarima to‘lagan, deb xabar bermoqda La Repubblica nashri. Shundan keyingina italiyalikning Tailanddagi "sarguzashtlari" yakun topdi va u kelayotgan dushanba, 6 mart kuni o‘z uyiga qayta oladi.

Mavzuga oid