Fan-texnika | 20:49 / 07.03.2017
26464
4 daqiqa o‘qiladi

Fotolavha: Jyeneva avtosaloniga keltirilgan avtomobillardan namunalar

Bugun 2017 yil 7 mart kuni jahon avtomobil sanoati va avtoishqibozlarning e'tiborini tortadigan yirik avtoko‘rgazmalardan biriga start berildi. Shveytsariyaning Jyeneva shahrida motorshou boshlandi. "Kolyosa.ru" sayti ushbu ko‘rgazmada namoyish etiladigan avtomobillar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ularning ayrimlarini e'tiboringizga havola etamiz. 

Opel

Bir necha kun avval GM konsernidan PSA kompaniyasiga sotilgan Opel Jyenevada Insignia nomli universal va liftbekini namoyish etadi. Bu uning asosiy taqdimoti bo‘ladi. 

Mercedes-Benz

Germaniyaning dunyoga mashhur kompaniyalaridan biri - Mercedes kompaniyasi burchagi odatdagidek odamlarga liq to‘la bo‘lishi tabiiy. Bu yerda birinchi marta Mercedes-Maybach G 650 Landaulet SUV modeli namoyish etaladi. 

Bundan tashqari, Mercedes-AMG E-Class negizidagi universallarini tayyorlab qo‘ygan. Bundan tashqari, mish-mishlarga ko‘ra, Mercedes-AMG X290 nomi bilan taniqli yangi sedanini ham mijoza e'tiboriga havola etishi mumkin. Jyenevaga, shuningdek, Mercedes-Benz kompaniyasining yangilangan GLA krossoveri olib kelingan. SL va SLC rodsterlarining jahon taqdimotlari ham aynan shu yerda bo‘lib o‘tadi. 

BMW

Germaniyaning yana bir dong‘i ketgan kompaniyasi BMW Jyeneva avtosaloniga yangi avlod BMW 5 Series Touring modelini keltiradi. Ushbu kompaniya burchagida BMW i8 gibrid sportkupesidan bahra olish imkoni ham taqdim etiladi. 

Rolls-Royce

Rolls-Royce o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda avtomobil ishqibozlarini lol qoldirishda davom etadi. Xususiy kolleksioner kompaniyaga o‘z burchagida Ghost Elegance modelini namoyish etishga ruxsat berdi. Gap shundaki, bu mashinaning birgina bo‘yog‘i juda katta pul turadi. Chunki, bo‘yoq tarkibiga minglab maydalangan olmos donalari qo‘shilgan. 

Bentley

Britaniyaning yana bir kompaniyasi Bentley ham Jyenevada o‘zining eksklyuziv modellari bilan muxlislarini xursand qiladi. Bu Mulliner dizayn atelesi ishlov bergan Bentley Bentayga bo‘ladi. Undan atigi 50 dona oltin va kumush tusda ishlab chiqariladi. 

Porsche

O‘tgan yilgi Jyenevada yirik Panamera sedani universalga aylantirilgan edi. Bu yil nihoyat Porsche krossover ishlab chiqarishga ahd qilganining guvohi bo‘lamiz. 

Volkswagen

Volkswagen Jyenevada Passat CC o‘rnini egallovchi yangi modeli — kupesifat Arteon sedanini taqdim etdi. U shu yil oxirida dilerlarda paydo bo‘lishi mumkin. 

Audi

Germaniyaning lyuks mashinalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri Audi RS 3 Sportback sportkarini Jyenevaga keltirdi. Bundan tashqari, kompaniya Audi Q8 RS krossoverini ham namoyish etadi.

Land Rover

Ha, britaniyaliklar Jyenevaga quruqqo‘l bilan kelishmagan. Mashhur Land Rover yangi krossoveri RR Velar modelining jahon taqdimotini o‘tkazadi. Model Evoque va Range Rover Sport oralig‘ida joylashadi.

Lexus

Yaponiya kompaniyasi yanvar oyida Detroytda beshinchi avlod Lexus LS 500 modelini namoyish etgandi. Jyenevaga esa, LS 500h gibridi olib kelingan. 

Pagani

Goratsio Pagani so‘nggi lahzalargacha Huyara rodsterining tizerlarini namoyish etib keldi. Biroq, Jyenevagacha o‘zining ham sabri yetmadi va suratlarini namoyish qilib qo‘ya qoldi. 

Ferrari

Italiyaliklar yangi 812 Superfast modeli bilan superkar ishqibozlarini yana lol qoldirishni istagan. Unga 800 ot kuchiga ega V12 motori o‘rnatilgan. 

McLaren

McLaren kompaniyasi «superseriya» deb nomlangan avtomobillarining ikkinchi avlodini namoyish etishni rejalashtirgan. Uning ilk namunasi - McLaren 750S kupesi Jyenevada namoyish etiladi.

Mavzuga oid