O‘zbekiston | 07:45 / 07.03.2017
40843
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent chorrahalaridagi kameralar 15 martdan jarima yozishni boshlaydi

Toshkent shahridagi 115 ta chorrahaga harakatlanish xavfsizligi yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida video kuzatuv moslamalari o‘rnatilgan va tizim  sinov tariqasida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. 

Endilikda, shu yilning 15 mart kunidan e'tiboran, ushbu videokameralar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarni jarimaga tortish tizimi sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Xolmatjon Saydaliyev ma'lum qilgan.  

Shu bilan birga, kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun jarima to‘lash haqidagi qaror chiqarilgach, avtomobil egasi 60 kun ichida mablag‘ni to‘lashi kerak bo‘ladi. Ta'kidlanishicha, 15 martdan e'tiboran kameralar qayd qilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima qog‘ozlari transport vositasining egasiga yuboriladi. Agar, transport vositasining egasi avtomobilni ijaraga berganini isbotlasa, mashinani boshqargan shaxs jarimaga tortiladi. Yuridik shaxslarga tegishli avtomobillar qoida buzgani aniqlansa, o‘sha transport vositasidan foydalanish uchun mas'ul bo‘lgan shaxsga jarimaga solinadi. 

“Sinov tariqasida ishga tushirilishining sababi shundaki, bu yangilik bizda ilk bor qo‘llanilayapti. 15 mart kunidan boshlab, qoidabuzarliklar uchun jarima solish to‘g‘risidagi qaror transport vositasining egasiga jo‘natiladi. Aynan mana shu ish jarayonida tizimdagi texnikalarning ishlashini nazorat qilib olamiz. Yuzaga keladigan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz”, -  deydi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i. 

Chorrahalardan olingan barcha ma'lumotlar Markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va bu yerdagi elektron tablo hamda videomonitorlarga chiqariladi. 

Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to‘g‘risida olingan ma'lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi.

Shuningdek, svetoforlar ish faoliyatini optimallashtirish natijasida yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi. Natijada transport vositalarining chorrahalar oldida to‘xtab turishini 20-25 foizga, transport vositalari dvigatellaridan chiqayotgan zaharli gazlarni 5-10 foizga, yonilg‘i sarfini 5-15 foizga kamayishi hisobiga shahardagi ekologik holat ancha yaxshilanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil boshidan Toshkent shahridagi 39ta chorrahada kameralar sinov tariqasida qoidabuzarliklarni qayd etib kelayotgandi. 2017 yil 9 fevralida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev IIV xodimlari bilan uchrashuvida Toshkent chorrahalaridagi videokuzatuv tizimini qisqa muddatda ishga tushirish vazifasini topshirgan edi.

Mavzuga oid