Nega Samarqandda oliy toifali shifokorlar ishdan bo‘shatildi?
Bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida, jumladan, xalqimizga zamonaviy, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga juda katta e'tibor qaratilyapti.
Yil boshida Muhtaram Prezidentimiz tibbiyotchilar bilan uchrashib, videoselektor majlisida xalqimiz davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga borishi va buning uchun katta mablag‘ sarflashini qattiq tanqid qilgandi. Bundan tashqari, yurtimizning turli hududlarida yashovchi aholi salomatligini tiklashi, dardiga davo topishi uchun faqat poytaxtimizdagi tibbiy markazlarda emas, joylardagi tibbiyot muassasalarida ham kerakli sharoitlar yaratish lozimligini ta'kidlagandilar.
Afsuski, tizim rahbarlari oldiga ana shu dolzarb vazifa qo‘yilgan bir paytda, bugungi kunda Samarqand viloyatida kattalar uchun yagona bo‘lgan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi shtatlari 2017 yil 1 martdan keskin qisqardi.
Gap shundaki, 2016 yilning 27 dekabr kuni tibbiyot birlashmasi bosh shifokori tomonidan yuz-jag‘ jarrohlik bo‘limidagi shtatlar qisqarishi bildirilib, muassasaning ko‘p yillik xodimlariga mehnat shartnomalari 2017 yil 27 fevraldan bekor qilinishi to‘g‘risida ma'lum qilgan va 6 ta mutaxasisliklari yo‘nalishida toifaga ega shifokorlarga “OGOHLANTIRISh XATI” berilgan.
1953 yilda tashkil etilgan va Samarqand tibbiyot tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bo‘limda bosh vrach tomonidan 1.0 shtat birligida yuz-jag‘ jarrohligi mutaxassisligiga ega bo‘lmagan LOR shifokor qoldirilgan. Vaholanki, 20 bemorga mo‘ljallangan bo‘lim ishlarini 1.0 shtat birligida ishlayotgan, ustiga-ustak sohasi LOR bo‘lgan vrachga yuklatilgani aqlga sig‘maydi. Bosh shifokor esa kafedra assistentlaridan foydalanishini aytib, o‘zini oqlashga urinyapti. To‘g‘ri, ular ba'zan bo‘limdagi bemorlarni davolashda o‘z hissalarini qo‘shishadi, lekin ular bemorlarga ko‘proq vaqt ajratsalar, talabalarni o‘qish jarayoniga ta'sir qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bo‘lim qoshida SamMI yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasining o‘quv bazasi joylashgan va bo‘lajak vrachlarga stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligidan saboq berib kelinadi. Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi shifokorlarining shtatlari ko‘payish o‘rniga, aksincha qisqarishi mahalliy bemorlarning markazga, ya'ni Toshkentdagi tibbiy muassasalarga murojaat qilishlari, dard ustiga chipqon deganlaridek, bir dardlarining o‘n dardga aylanishiga olib kelmoqda. Bemorlar va ularning yaqinlari uchun ortiqcha xarajat, sarsongarchilikni keltirib chiqarmoqda.
Ishsiz qolgan toifali, viloyatda bilim va tajribasi bilan tanilgan shifokorlar viloyat va shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlariga masalaning ushbu jihatlarini og‘zaki va yozma tushuntirishga harakat qilishsa-da, murojaatlariga “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yildagi 48-son qarorida Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tashkiliy tuzilmasida yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi ko‘zda tutilmagan” degan iddao bilan javob olishgan.
Ushbu holat yuzasidan shifokorlarning murojaatlaridan so‘ng jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi va “Mening yurtim” telekanalining ijodiy guruhi ahvolni o‘rganib, tasvirga olgan. (Avvalroq telekanalda ko‘rsatuv yuzasidan anons berilgani, ko‘rsatuv esa efirga uzatilmagani haqida ma'lum qilgan edik. Keyinchalik “Mening yurtim” telekanali mutasaddilarining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mazkur mavzuga bag‘ishlangan ko‘rsatuv efirga uzatilgan va tomoshabinlar e'tiboriga taqdim etilgan).
“Shu sohada 10 yildan ziyod bilim oldim. O‘zimga yarasha hurmat va tajriba orttirdim, o‘z yo‘nalishimda ilmiy ishlarim bor. To‘g‘risi, chet tillarni yaxshi bilganim uchun xorijga ham ketish rejasi yo‘q emas. Ammo, muhtaram yurtboshimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan yuksak e'tiborlari qalbimda umid uchqunini yoqib turibdi”, deydi shifokorlardan biri Alisher Ahrorov.
“Bo‘lim shtatlarini qanday qilib ko‘paytirsak, kimga murojaat qilsak?” degan savol bo‘limda ishlagan, hozirgi kunda esa ishsiz qolgan 6 nafar oliy toifali mutaxassislar oldida turgan dolzarb muammo bo‘lib turibdi.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024