Jamiyat | 18:33 / 12.03.2017
13340
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘yliqda plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirishga va'da qilgan firibgar ayol 55 mln so‘m o‘g‘irladi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida noma'lum ayol “Qo‘yliq” avtobuslar shoh bekatida Mirobod tumanida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan ayolning plastik kartochkalaridagi pul mablag‘larini naqdlashtirib berishni aytib, uni aldadi.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u aldash yo‘li bilan o‘z qurbonining ishonchiga kirib, hisobida 19 million va 42 million puli bo‘lgan 2 dona plastik kartochkalarini olib, shundan 6 million so‘mini naqdlashtirib bergan va qolgan 55 million so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan olib ketgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu firibgarlik jinoyatini Sirdaryo viloyati, Xovos tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan ayol sodir etgani aniqlandi va ushlandi.

“Shu o‘rinda ta'kidlashni istardikki, fuqarolarimiz har qanday kishining gapiga ishonavermasdan, “Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi”degan maqolning mag‘zini chaqib, o‘z pullari yoki mol-mulklarini birovga ishonib topshirishda sal hushyorroq bo‘lganlarida, bu kabi firibgarliklarning oldi olingan bo‘lardi“, deyilgan xabarda

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid