Fan-texnika | 19:20 / 16.03.2017
28369
2 daqiqa o‘qiladi

Jarimaga tortilayotgan haydovchilarni xabardor qiluvchi maxsus dastur ishga tushiriladi

15 martdan boshlab poytaxtda yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd qilish videotizimi ishga tushirildi. Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jarimaga tortilayotgan haydovchilarni xabardor qiluvchi maxsus dasturni ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga boshqarmadagi manba.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mutaxassislar ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini o‘rganishmoqda va ular haydovchilarni jarimalar haqida ogohlantirish uchun eng qulay hamda maqbul usulni tanlashni rejalashtirgan.

“Bunga sayt variant sifatida ko‘rilmoqda.Haydovchi saytga o‘z texpasportidagi talab etilgan ma'lumotlar, haydovchilik guvohnomasi raqami, avtomobil davlat raqami, pasport ma'lumotlari, shuningdek mobil telefoni raqamini kiritadi. Shundan so‘ng unga real vaqtda u yo‘l qo‘yayotgan qoidabuzarliklar haqida SMS-xabarlar kela boshlaydi. Bu hozircha variantlardan biri. Balki maxsus mobil ilova yaratilishi ham mumkin", — deb ta'kidlagan YHXB vakili.

Keyinchalik ushbu mexanizm bugun poytaxt ko‘chalarida ishlayotgan mobil radarlardan jarimalar yuborishda ham qo‘llaniladi. 

Avvalroq Toshkentda yo‘l harakati qoidalari buzilishini kameralar yordamida qayd etish tizimi ishga tushirilgani tufayli poytaxtning markaziy qismida ko‘p sonli tirbandliklar kelib chiqqani haqida xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid