O‘zbekiston | 18:11 / 17.03.2017
46960
10 daqiqa o‘qiladi

19 mart ish kunimi? Kun savoliga hech kimda javob yo‘q

2017 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017 yil 18 mart shanba dam olish kunini 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Prezident qarorida umumxalq Navro‘z bayramining mamlakat ma'naviy hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e'tiborga olib hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

2017 yil 18 mart shanba dam olish kuni 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirildi va ish kuni deb hisoblandi.

2017 yil 20 mart dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilindi.

Mazkur qaror haqida internet tarmoqlarida xabar tarqalgach, ko‘pchilikda dushanba kuni kimlar dam olishi bo‘yicha savollar paydo bo‘ldi.

O‘quvchilar sayt tahririyatiga bu borada ma'lumot so‘rab murojaat qilishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar bu borada o‘z fikrlarini bildirishmoqda. Unga ko‘ra, 19 mart, yakshanba kuni 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan uchun ish kuni va ta'lim muassasalarida o‘qish kunlari deb e'lon qilinishi mumkinligi aytilgan.

«Mehnat vazirligining 2017 yil 17 martdagi ish vaqtlari hajmi bo‘yicha ma'lumotda, 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun mart oyida 25 kun ish kuni bo‘lishi ma'lum qilingan. Bu degani yoki yakshanba, yoki dushanba kuni ish kuni bo‘ladi. Biroq Prezident qarorida dushanba dam olish kuni deb e'lon qilinganligi sababli, katta ehtimol bilan yakshanba kuni ish kuni bo‘lsa kerak», deyiladi jumladan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi yakshanba kunini o‘qish deb e'lon qilish haqida buyruq tayyorlayotgani haqida xabarlar mavjud.

«Kun.uz» sayti bu haqda ma'lumot olishni istab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, rasmiy ma'lumot olishni istadi. Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi kun davomida qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarmadi.

Xalq ta'limi vazirligi esa juma kuni tugayotgan mahalda bu borada loyiha tayyorlanayotgani, aniq ma'lumot tez orada bo‘lishini bildirdi.

Mehnat vazirligidagi manba 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar 19 mart kuni dam olib, 20 mart kuni, ya'ni prezident tomonidan dam olish kuni deb e'lon qilgan kunda ishlashi haqida ma'lumot berdi. Shu bilan birga u bu ma'lumotni rasmiy deb ayta olmasligini qo‘shimcha qildi.

Bu masalani o‘rganib, javob topishga uringan huquqshunos Xushnud Xudayberdiyev xushnudbek.uz saytida «20 mart (dushanba) dam olish kuni deb e'lon qilindi: bu kimlarga taalluqli?» deya nomlangan maqolasini e'lon qildi.

«Ko‘pchilik bu qaror haftasiga 6 ish kunida ishlaydiganlar uchun taalluqli emas, deya fikrlashmoqda. Dastlab qaror haqida eshitganimda va o‘qiganimda men ham shunaqa deb o‘ylagandim. Ammo keyinroq adashganimni ma'lum qilishdi. Sababi bu yilgi qarorda oldingilaridan farq qiladigan tomoni bor ekan. Keling, hozirgi maqolamizda shu haqida gaplashamiz va qarorni birgalikda tahlil qilamiz.

Avvalo dam olish kunini ko‘chirish haqida ikki og‘iz ma'lumot bermoqchi edim. Bayram kunlari arafasida aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida dam olish kunini ko‘chirish uzoq yillardan buyon mavjud.

Agar tarixga nazar tashlasak, ilk marta bunday qaror 1992 yilda chiqqan edi. O‘shanda Mustaqillik kunining 1 yilligi bayram qilinishi munosabati bilan dam olish kuni 1992 yil 29 avgust shanbadan 31 avgust dushanba kuniga ko‘chirilgan edi.

Dam olish kunlari bilan bog‘liq asosan 3 xil ko‘rinishdagi qarorlar qabul qilinadi:
1.Alohida bir ish kuni barcha uchun dam olish kuni deb e'lon qilish.
Bunday qarorlar kamdan-kam chiqariladi, ammo chiqqanda ham xalqda katta quvonch bilan kutib olinadi. Bunday qarorlarga misol qilib, 2017 yil 2 yanvar (dushanba) yoxud 2015 yil 2 yanvar (juma) kunini dam olish kuni deb e'lon qilingani keltirish mumkin.

2.Juma kunini dam olish kuni, yakshanbani esa ish kuni deb e'lon qilish.
Agar bayram kuni haftaning payshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda ayrim holatlarda juma kuni dam olish deb e'lon qilinib, yakshanba kuni esa rasman ish kuni deya belgilanadi. Masalan, 2016 yilda Mustaqillik bayrami payshanba kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, 4 sentabr yakshanba dam olish kuni 2016 yil 2 sentabr juma kuniga ko‘chirilgan hamda 4 sentabr yakshanba kuni ish kuni deb e'lon qilingan edi. Bunday ko‘chirish holatlarini 2009 yil 4 yanvar yakshanba dam olish kuni 2009 yil 2 yanvar jumaga ko‘chirilganida yoki 2002 yil 24 mart yakshanba dam olish kuni 22 mart jumaga ko‘chirilganida ko‘rish mumkin.

3.Dushanba kunini dam olish, shanba kunini ish kuni deb e'lon qilish.
Agar bayram kuni haftaning seshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, unda aksariyat hollarda dushanba kuni dam olish deb e'lon qilinib, shanba kuni esa rasman ish kuni deya belgilanadi. Dam olish kunini ko‘chirish bilan bog‘liq eng ko‘p tarqalgan holat aynan mana shu.

Bunga misol qilib, 2016 yil 8 mart bayrami seshanba kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli 5 mart shanba dam olish kuni 7 mart dushanba kuniga, 2015 yil 8 dekabr arafasida esa 5 dekabr shanba dam olish kuni 2015 yil 7 dekabr dushanba kuniga ko‘chirilganini keltirish mumkin.

16 mart kuni imzolangan Prezident qarori aynan 3-toifaga taalluqli. Bunga ko‘ra shanba dam olish kuni dushanba kuniga ko‘chirildi. Biroq yuqorida ta'kidlaganimdek, kechagi qarorning oldingilaridan sezilarli farqi mavjud.

Quyida shu mazmundagi ikkala qaror matnini solishtiramiz:
2016 yil 5 mart shanba dam olish kunini 2016 yil 7 mart dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida (12.02.2016)
Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash munosabati bilan hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ish vaqtidan oqilona foydalanish maqsadida:
2016 yil 5 mart shanba dam olish kuni 2016 yil 7 mart dushanba kuniga ko‘chirilsin;
2016 yil 5 mart shanba kuni ish kuni deb e'lon qilinsin. 

2017 yil 18 mart shanba dam olish kunini 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida (16.03.2017)
Umumxalq Navro‘z bayramining yurtimiz ma'naviy hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e'tiborga olib hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
2017 yil 18 mart shanba dam olish kuni 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirilsin va ish kuni deb hisoblansin;
2017 yil 20 mart dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilinsin. 

E'tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi qarorlar matni deyarli bir xil mazmunda, bir qarashda farq yo‘qdek. Biroq yaxshilab tahlil qilinsa, qarorlarning oqibatidagi farqni sezish qiyin emas.

Avvalgi qarorlarda qaysidir bir kuni “ish kuni” deya e'lon qilinar hamda shanba dam olish kunini dushanbaga ko‘chirish bilan cheklanilar edi. Agar qaysidir tashkilotda shanba kuni rasman ish kuni bo‘lsa, unda mazkur qaror ularga tatbiq etilmasdi. Shifokor ishiga borardi, talaba o‘qishiga.

Endi kechagi qarorga e'tibor qilsangiz, so‘nggi bandida oldingi qarorlardan farqli o‘laroq “20 mart dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilinsin” degan jumla kiritilgan. Va mazkur band aholining ma'lum bir toifasigagina taalluqli degan cheklov mavjud emas. Demak, xulosa qilish mumkinki, 20 mart dushanba kuni Respublikaning barcha fuqarolariga birdek dam olish kuni sifatida belgilandi.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Mehnat kodeksi 132-moddasiga binoan ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, obektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta'minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta'mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.

Bu degani ayrim tarmoqlarda (masalan, banklar) garchi dam olish kuni bo‘lsa ham, ishlab chiqarish zaruriyatidan kelib chiqib, rasman ish kuni deya e'lon qilinishi mumkin. Yoki zaruriyat tufayli dam olish kunlari navbatchilikda turishi lozim bo‘lgan ayrim xodimlar ham ishga jalb qilinishi mumkin.

Ma'lumot uchun, Mehnat kodeksining 157-moddasida ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilangan.

Mavzuga oid