“Qaysi vazirlik kerak-kerakmasligi askiya bilan hal qilinmaydi” - Sherzodxon Qudratxo‘ja
O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja “Lolazor” podkastida O‘zbekistonga qaysi vazirlik kerak va kerak emasligi muhokama qilinganini askiyabozlik deya atadi. Uning fikricha, deyarli qirq millionga yaqinlashayotgan aholisi bor davlatning ishlari bunday hazil va askiya bilan hal qilinmaydi.
Rektor Sherzodxon Qudratxo‘janing ta’kidlashicha, O‘zbekistonga qaysi vazirlik kerak yoki kerak emasligi doim dolzarb bo‘lib kelgan.
“Menimcha, yigitlar askiya qilishdi. Hazillashishgan bo‘lishsa kerak, kayfiyatlari yaxshi edi. Yigitlarga ozgina qahva yetishmadi – uning qoldiqlariga qarab fol ochish uchun...
O‘zbekistonga qaysi vazirlik kerak, qaysi kerak emasligi – bu juda dolzarb masala. Bunday hazil, askiya bilan yondashib bo‘lmaydi. Bilasizmi, idealistlar bo‘ladi, olimlar bo‘ladi, ularning nazarida hayot boshqacha bo‘ladi. Lekin, realizm va real vaziyat bor. O‘zbekiston, e’tibor bersangiz, geosiyosiy jihatdan juda murakkab hududda joylashgan. Har kuni bir tahdid, har kuni bir xavf. Har kuni minglab masalalar paydo bo‘ladi. Uni tezkor hal qilib, shug‘ullanadigan tashkilotlar kerak.
Mayli, aytaylik, bizga Qishloq xo‘jaligi vazirligi kerak emasdir, lekin hamma qo‘shnilarimizda bor-ku. Mollarning kirib-chiqishi, veterinariya, chorvachilik, sertifikat, karantin masalalari bor, bular bilan kim shug‘ullanadi?” – deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
U O‘zbekiston dengizga ikki mamlakat hududini bosib o‘tib chiqadigan ikkita davlatdan biri ekanini ta’kidlar ekan, turli inqirozli vaziyatlarda vazirlik va idoralar erta-yu kech muammolarni hal etish bilan shug‘ullanishini qayd etdi.
“Bunday masalalarni kimdir hal qilmasa, deyarli qirq millionga yaqin aholi uchun kuchli zarbalar bo‘ladi. O‘zim hukumatda ishlaganman, hukumat ishi nima ekanligini ko‘chadan eshitgan odam emasman. Shuning uchun bu hazillashadigan masala emas. Davlatimiz ham budjet pulini sovurishdan manfaatdor emas”, – deydi O‘zJOKU rektori.
Mavzuga oid
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
15:45 / 27.10.2024
"Toshkentdagi saylovchilar tushlikka yaqin faollashadi" - Sherzodxon Qudratxo‘ja
22:31 / 15.07.2024
“Trampning jo‘shqinligi uni qutqarib qoldi” - Sherzodxon Qudratxo‘ja
23:00 / 13.06.2024