Sport | 10:48 / 04.10.2024
11056
7 daqiqa o‘qiladi

Galaktikos 2.0. «Real»ning natijalari qanchalik xavotirli?

Mavsum avvalidagi o‘yinlari bilan bir necha bor muxlislarni sergak torttirgan «Real» oxir-oqibat o‘sha taxmin qilingan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. «Lill» maydonida klubning 36 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi va bu shunchaki bir omadsiz o‘yin natijasi emasdi.

Foto: Getty Images

Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi dastlabki turda tajriba evaziga so‘nggi o‘n daqiqalikda «Shtutgart»dan g‘alabani tortib olishga erishgandi. Uchrashuvdan keyin nemis klubi bosh murabbiyi Sebastian Hyoness o‘z jamoasi o‘yini bilan faxrlanishi va madridliklar bilan tengma-teng kurashganini iddao qilishi bejiz emasdi. Darhaqiqat, Germaniya vitse-chempionlari «Santiago Bernabeu»da yig‘ilgan 80 mingdan ortiq muxlislarni juda ko‘p vaziyatlarda xavotirga solgandi, ammo yakunda 15 karra Chempionlar Ligasi g‘oliblari tajriba evaziga g‘alabani ilib ketgandi. Chorshanba oqshomida Fransiyada o‘tkazilgan bellashuvda esa «Real»ning bu hunari ish bermadi. Mavsum avvalidan beri pishib yetilib kelayotgan mag‘lubiyat axiri sodir bo‘ldi — «Lill» shu yil yanvaridan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Yevropa qirollarini yenga oldi va tan olib aytish kerakki, buni haqli ravishda bajardi.

Fransuzlarga qarshi bellashuvda «Real» hujumida juda ko‘plab uzilishlar kuzatildi. Odatda, eng kam xato qiluvchi Dani Karvahal ham, maydon markazida raqiblarga tinchlik bermaydigan Bellinghem ham shu oqshomda o‘zlariga umuman o‘xshamadi. Jarohati sabab ushbu bahsni o‘tkazib yuborishi kutilgan, biroq taxmin qilinganidan ertaroq qaydnomaga kiritilgan Mbappening ikkinchi bo‘limda maydonga tushib amalga oshirgan harakatlarini esa ortiqcha tanqid ostiga olishdan o‘zimizni tiyamiz. Jamoa budjetini g‘alaba orqali kelishi mumkin bo‘lgan qariyb 2,1 million yevrodan mosuvo qilgan ushbu mag‘lubiyat butun kampaniyani hal qilib yuboruvchi muvaffaqiyatsizlik bo‘lmasa-da, buyog‘iga madridliklarni kutayotgan qiyin uchrashuvlar oldidan Anchelotti shogirdlariga qo‘shimcha bosimga aylanib ketishi mumkin. Chempionlar Ligasining kelgusi 3 turida «Real»ga «Borussiya» Dortmund, «Liverpul» va «Milan» raqiblik qiladi. Aksiga olgandek, ketma-ket kutib turgan mana shunday bahslarga «Qirollik klubi» «Barsa»dan La Ligada 3 ochko ortda borayotgan holida tayyorlanishiga to‘g‘ri keladi.

«Lill»ga qarshi bellashuvda «Real» baribir o‘z vaziyatlariga ega bo‘ldi. Buni xG — gollar kutilmasidan ham bilib olsa bo‘ladi. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalardagi shturm vaqtida Antonio Ryudiger tomonidan berilgan ikki zarba va Arda Gulerning vaziyatlari ispanlarga umid baxsh etgani aniq. Biroq shu kuni fransuzlar posboni Lukas Shevale juda yaxshi harakat qildi.

Uchrashuvning «Real» muxlislari uchun e’tiborli bo‘lgan yana bir jihati Endrikning Chempionlar Ligasida birinchi marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi bo‘ldi. 18 yoshli hujumchi Mbappening transferi ortidan jamoada 2-raqamli hujumchi vazifasini o‘tayapti va mana shu kabi o‘yinlar uning uchun fransiyalik raqobatchisining o‘rnini yaxshi to‘ldira olishi mumkinligini ko‘rsatish uchun imkoniyatdir. Braziliyalik yigitchaning boshlang‘ich tarkibdagi o‘yini jamoasi uchun omadsiz kechdi. Ammo u baribir «Real» tarixida Chempionlar Ligasini asosiy tarkibda boshlagan eng yosh futbolchiga aylandi.

19-daqiqada aynan Endrik tezlik bilan jarima maydoniga kirib borib, zarba yo‘llashga erishdi, ammo to‘p to‘g‘ri Shevale turgan pozitsiyaga bordi. 57-daqiqada almashtirilgunicha u yana bir marta raqib darvozasi tomon zarba bera oldi, xolos. Albatta, bu uchrashuv yosh hujumchi uchun fojia emas, u «Shtutgart» va «Real Valyadolid»ga qarshi bellashuvlarda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, gol urishga muvaffaq bo‘lgan va nima sababdan klub uni 2022 yil dekabridayoq xarid qilib qo‘yganini ko‘rsatib bergandi.

Ushbu bellashuvdagi yana bir e’tiborli jihat — UYeFA Superkubogi finali oldidan o‘tkazilgan rasmiy mashg‘ulotda jarohat olib, 1,5 oy maydonga tusha olmagan Eduardo Kamavinga tarkibga qaytishi bo‘ldi. «Real»ning mavsum avvalidagi duranglari maydon markazida Kamavinganing yo‘qligi bilan ham bog‘langandi, biroq u qaytishi bilan klubi yil boshidan beri davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasini boy berdi. Ustiga-ustak, yagona golga sabab bo‘lgan penalti ham Kamavinganing jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani uchun belgilandi. Albatta, penalti borasida bahs bor va u hamon davom etmoqda, lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, endigina safga qaytgan Eduardoning bu taxlit start olishi uning uchun kutilmagan zarba bo‘lgani aniq.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mag‘lubiyat sabablari haqida gapirar ekan, Anchelotti quyidagilarni aytib o‘tdi: «Biz bog‘lamlar hosil qilishda oqsadik, agressiv o‘ynashga urindik va bu bizga qimmatga tushdi. Xotirjamlikni qo‘ldan boy bermasligimiz va shu bilan birga rivojlanishimiz ham kerak. Harakatlanish tarzimizni o‘stirishimiz lozim. Bu borada har gal gapirishimdan foyda yo‘q. Bu o‘yinda biz oldinga emas, orqaga qadam tashlagandek ko‘rindik. So‘nggi marotaba derbida mag‘lub bo‘lganimizda bu biz uchun fantastik darajadagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lgandi. Bu gal ham shunday bo‘lishiga umid qilaman».

Italiyalik mutaxassisning umidlari o‘zini oqlaydimi yoki yo‘q, barchasini liganing madridliklar bilan birga eng ko‘p gol urgan 2-jamoasi (17 ta) bo‘lib turgan «Vilyarreal»ga qarshi shanba oqshomida kechadigan bahsda ko‘ramiz.

The Athletic ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Mavzuga oid