Jamiyat | 08:18 / 18.03.2017
17316
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda baliq ovlagan brakonerlar 42 mln so‘mlik zarar yetkazishda ayblanmoqda

10 mart kunidan boshlab O‘zbekiston hududidagi baliqchilik qoidalariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi buyrug‘i asosida Amudaryo va Sirdaryo daryolarida baliqlarni tutishga vaqtinchalik taqiqlov kuchga kirdi. Bu taqiqlov 1 iyungacha davom etadi. 

Biroq afsus bilan qayd etish joizki, taqiqlovga qaramasdan ba'zi fuqarolar ongli ravishda qoidabuzarlikka borib, baliq ovlashni davom ettirib, shu bilan baliqning barqaror ko‘payishiga katta zarar yetkazmoqdalar.

Kiritilgan taqiqlov birinchi navbatda baliq ko‘payishga tayyorlanayotgan uvuldiriq sochish davrida baliqlarni asrashga qaratilgan.

14 mart kuni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Davlat biologik nazorati inspeksiyasi va "Baliqchi" AJ xavfsizlik xizmati xodimlarining birgalikdagi reydi davomida Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani hududida Sirdaryoda baliq ovlanishi holati aniqlandi.

Brakonerlar baliq ovlashning eng zararli va xavfli usullaridan biri bo‘lgan elektr qarmoq usulidan foydalanishgan, uni qo‘llash O‘zbekistonning tabiatni asrash qonunchiligiga ko‘ra qat'iyan taqiqlangan.   

Brakonerlar shu qonunbuzarliklari bilan davlatga 42 mln so‘mlik zarar yetkazishgan. Ulardan oq amur, zog‘orabaliq (sazan), tovonbaliq (karas), do‘ngpeshana (tolstolobik)  kabi baliq turlaridan iborat 90 kg baliq musodara qilingan.

Bu kimsalarni javobgarlikka tortish va ular tomondan yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha ularga nisbatan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomondan prokuraturaga topshirish uchun materiallar tayyorlanmoqda. 

Mutasaddi idoralar qaroriga ko‘ra, barcha musodara qilingan baliq mahsuloti 15 mart kuni Toshkentdagi Xlebushkina nomidagi 22-sonli bolalar uyiga topshirilgan.

Mavzuga oid