Jahon | 17:32 / 19.03.2017
5263
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada yashovchi xorijliklar soni bir yilda 7 foizga oshdi

O‘tgan yili Yaponiyada doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy fuqarolar soni 7 foizga oshdi va 2,38 million kishini tashkil qildi, mamlakatning umumiy aholisi soni esa 127 millionga yaqin. TASS Yaponiya adliya vazirligi ma'lumotiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Yirik kompaniyalarda malaka oshirayotgan xodimlar orasida o‘sish ko‘rsatkichlari 18,7 foizni tashkil qiladi. Shuningdek boshqa mamlakatlardan kelib, Yaponiya oliy ta'lim muassasalarida bilim olayotgan talabalar soni 12,4 foizga oshgan. Idorada ta'kidlanishicha, mamlakatda noqonuniy yashab kelayotgan kishilar soni ham o‘smoqda - o‘tgan yili 65 mingdan ziyod shunday holat qayd etilgan. 

Yaponiyada yashayotgan xorijliklarning aksariyati - Xitoy fuqarolari - ularning soni 695 mingga yaqin, ikkinchi o‘rinda janubiy koreyaliklar (453 ming), uchinchi o‘rinni  esa filippinliklar (243 ming) band qilgan. Bundan tashqari, so‘nggi paytlarda vetnamliklar sonining keskin o‘sishi kuzatilmoqda - hozirda ularning soni deyarli 200 mingga yetgan. 

Yaponiya hukumati qarish va aholining kamayishi muammosini xorijiy ishchi kuchi hisobiga ham hal qilishni ko‘zlamoqda. Tokioda xizmat ko‘rsatish sohasida Xitoy, Janubiy Koreya, Filippin va Vetnam fuqarolari band qilingan. Do‘konlarga ko‘pincha aynan xorijliklarni ishga olishmoqda, zero ular o‘z vatanidan kelgan sayyohlar bilan muloqot qilishlari oson bo‘ladi. 

Biroq ijtimoiy fikr so‘rovnomasiga ko‘ra, taxminan 40 foiz yaponiyaliklar mamlakatda xorijliklar sonining oshishi tufayli qandaydir noqulaylik his qilayotganliklarini ta'kidlashgan. 16 foiz kishi do‘kon yoki restoranlarda ularga xorijliklarning xizmat ko‘rsatishi noqulaylik tug‘dirayotganidan shikoyat qilgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid