O‘zbekiston | 09:33 / 22.03.2017
15486
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon hokimi Novosibirskka bordi: “Yashil yo‘lak” bo‘yicha kelishuvga erishildi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga tashrif buyurdi.

2017 yil 21 mart kuni O‘zbekiston vakillari Novosibirsk viloyati hukumati raisi birinchi o‘rinbosari Vladimir Znatkov bilan muzokaralar o‘tkazdilar.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2016 yil natijalariga ko‘ra 1,5 marotaba oshgani va 48,5 mln dollarni tashkil qilgani qayd qilib o‘tildi.  

Tomonlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbollarini ko‘rib chiqishgan.   

Znatkov O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati o‘rtasida ishonchli ishbilarmon, iqtisodiy, madaniy va savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilganini ta'kidlab o‘tdi. 

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston, jumladan Andijon viloyati bilan sanoat, tibbiyot va ta'lim sohalarida birgalikda faol ish olib borilmoqda. 

O‘z navbatida Shuhratbek Abdurahmonov O‘zbekiston delegatsiyasi Novosibirsk viloyatiga uzoq muddatli sheriklik aloqalari, jumladan zarur miqdorda barra va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish uchun kelganini aytgan.

Abdurahmonovning ta'kidlashicha, bunday mahsulotlarning Rossiya viloyatiga yetkazib berish bo‘yicha "yashil yo‘lak" yaratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. "Yashil yo‘lak" tartibi fitosanitar, bojxona va boshqa nazoratlardan o‘tish uchun ketadigan vaqtni kamaytirishga imkon beradi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida oziq-ovqat ko‘rgazmalari, yarmarkalari o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Abdurahmonov tashrif davomida shuningdek Novosibirsk shahri meri Anatoliy Lokot bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Novosibirsk va O‘zbekiston o‘rtasida savdo, turizm, madaniyat va sport sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qilishgan.

Lokot Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilganini ta'kidlab o‘tdi.

Abdurahmonov Rossiya tomoniga munitsipal boshqaruv sohasida tajriba almashishni tashkillashtirish hamda turizm va savdo sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan.

Mavzuga oid