Jamiyat | 20:12 / 23.03.2017
9548
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda imom-xatiblar xayriya tadbirlarida ishtirok etishmoqda

Yoshlarimiz tarbiyasida ilmning ahamiyatini yanada kengroq tushuntirish, farzandlarimizni dunyodagi yagona najot – ilmu-ma'rifatga, kasb-hunarga targ‘ib etish maqsadida Toshkent shahridagi “Umar ibn Xattob” jome masjidi imom-xatibi Mansurxon Daminov 2017 yilning 19 mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan “Mirzo Ulug‘bek”, “Adolat”, “G‘ayratiy” mahallalaridagi xonadonlarda bo‘lib,  ota-onalar, o‘quvchi-farzandlar bilan suhbat o‘tkazdi. 

Insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli, bo‘lishining muhim omili – ilmga e'tibor ekanini ta'kidladi. Shuningdek, Mansurxon Daminov ba'zi yoshlarning ta'limga e'tiborsiz munosabatda bo‘lib, o‘qishga bormasligi achinarli holat ekaniga urg‘u berdi. Ota-onalar o‘z farzandining odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasiga mas'ul ekanini, dars vaqtida behuda ishlarga chalg‘imay bor diqqat-eʼtiborini o‘qishga jalb etishga qaratib o‘tdi.

Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Har biringiz boshliqsiz, har biringiz qo‘l ostidagiga mas'uldir. Imom ham boshliqdir. U qavmiga mas'uldir. Er kishi o‘z ahliga boshliqdir. U ahliga mas'uldir. Ayol kishi erining uyida boshliqdir. U bolalariga mas'uldir», deya marhamat qilganlar (Muttafaqun alayh).

Suhbat asnosida imom-xatib yangi chop etilgan ma'rifiy va badiiy adabiyotlardan sovg‘a qildi. 

Bunday xayrli tashrifdan mamnun bo‘lganlar, ko‘rsatilayotgan ma'naviy e'tibordan dillar shod bo‘lgani, yoshlarimiz kelajagi kitobga oshno tutinish bilan nurafshon bo‘lishini bildirib qoldilar.

 

Mavzuga oid